Toshkent viloyati Qibray tumanida dorilar retseptini elektron yozish va berish tizimi sinov tariqasida ishga tushirildi, deya xabar bermoqda Spot.

Tizim Uzinfocom yagona integratori tomonidan ishlab chiqilgan DMED platformasi orqali ishlaydi. Test sinovlari tuman markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi hamda 8 ta dorixona tarmog‘ini qamrab olgan.

Retsept olish uchun siz smartfoningizga DMED ilovasini o‘rnatishingiz kerak (Android va iOS uchun). Elektron retsept bemorga shifokorga murojaat qilganida, uning telefonga yuborilgan kodni kiritganidan so‘ng beriladi.

Bemor chiqarilgan retsept bilan dorixonaga boradi va uni farmatsevtga ko‘rsatadi. Farmatsevt retseptdagi QR-kodni skanerlash orqali unga kerakli dorilarni topshiradi.

Tizim ishlab chiqaruvchilarining ta’kidlashicha, bu dorixonalarga dorilarning tarqatilishi haqidagi aniq ma’lumotlarni real vaqtda olish imkonini yaratadi. Shuningdek, avtomatlashtirilgan patentsiz nomlar bo‘yicha preparatlarni tanlash usuli retseptlarni tuzishdagi xatolarni oldini olishga yordam beradi.

Shavkat Mirziyeyov 2024-yilning 5-fevralida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish, eskirgan protokollar va davolash standartlari bilan bog‘liq muammolar haqida gapirarkan, kafolatlangan paketga kirgan dorilarni elektron retsept asosida berishni yo‘lga qo‘yishni topshirgandi.

Iyul oyida sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov 2024-yil oxirigacha Toshkent shahrida dori vositalariga elektron retseptlar joriy etish rejalarini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tizim raqobat muhitini yaratib, shifokorlarning “juda ko‘p keraksiz dori-darmonlar”ni yozib berishining, shuningdek, kontrabanda mahsulotlari sotilishining oldini oladi.