Hukumat “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish kengaytirilishi hamda tarif islohotlarining tizimli amalga oshirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining 5 ta hujjatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilayotgan bo‘lib, ular quyidagilarni nazarda tutmoqda:

  • qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqarish faoliyati bilan shugullanuvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash;
  • tijorat banklari tomonidan “yashil” iste’mol kreditlari ajratilishini keng joriy etish hamda kreditlar bo‘yicha foizlarning bir qismiga kompensatsiyalar ajratishni yanada kengaytirish.

Xususan, ilgari “yashil” iste’mol kreditlari faqat quyosh fotoelektr va shamol elektr stansiyasi hamda quyosh suv isitkichlarini o‘rnatish maqsadida jismoniy shaxslarga milliy valyutada ajratilgan bo‘lsa, endilikda ular:

  • mikro va kichik gidroyelektr stansiyalari;
  • biogaz ishlab chiqaruvchi uskunalar;
  • biogaz qurilmalari;
  • issiqlik nasoslarini o‘rnatish;
  • shuningdek, qurilish izolyasiya materiallari, maishiy energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar va qozonlarni sotib olish maqsadlari uchun ham ajratiladi.

Shu bilan birga, “yashil” iste’mol kreditlarining foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori bo‘lgan foiz stavkasining bir qismini qoplash uchun kompensatsiya olishda foiz stavkasi asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmasligi lozimligi haqidagi shart bekor qilinmoqda.