Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Chilonzor tumani sudida 7-yanvar kuni U.Qaxarov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda poytaxtdagi barni reklama qilishda ishtirok etgan 22 yoshli Sh Yunusovga nisbatan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi. “Gazeta.uz” sud qarorini o‘rgandi.

Xabar berilganidek, 25-dekabr kuni Escada lounge bar o‘z Instagram akkauntida Yangi yil shoularini reklama qiluvchi video e’lon qildi. Videodagi yigit orqasi bilan turgan yetti nafar qizning keti va oyoqlariga urib, har bir zarbada sanani aytadi: “25, 26, 27, 28, 29, 30, 31-dekabr — har kuni”.

“Katta yangi yil shousi”, “kirish bepul”, “kelib, bemalol dam olishingiz mumkin”, — deydi yigit qizlarga ishora qilib. Kadr ortidan ovoz: “Nega qizlarni qarsillatding (urding)?” deb so‘raydi. “Sen qilmaganingdan keyin men qilaman-da!” — deb javob beradi yigit.

Videoga “Gazeta.uz"ning e’tiborini qaratgan toshkentlik Yevgeniya M. Chilonzor tumani IIBga “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi hamda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunlar buzilgani yuzasidan reklamani tekshirishni so‘rab, ariza yozganini ma’lum qildi.

U arizada O‘zbekiston BMTning Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida konvensiyasiga a’zo sifatida bunday chiqishlarni qoralashini va barcha maqbul vositalar bilan xotin-qizlarni kamsitishga barham berish siyosatini amalga oshirish majburiyatini olganini eslatadi.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, bar reklamasi “ayollarga nisbatan hurmatsizlik aks etgan iste’molchilik munosabatini targ‘ib qiladi”.

“Ayol sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi videolavhalarni suratga olish va tarqatishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblayman. Jamiyatimizda ayollar allaqachon ikkinchi darajali odam hisoblanadi. Barning material tom ma’noda ayollarning jinsiy ekspluatatsiyasini targ‘ib qiladi. Ularda tirik qizlar buyum — go‘sht bo‘laklari yoki o‘yinchoqlar sifatida ko‘rsatilgan”, — dedi Yevgeniya.

Sud majlisida Sh. Yunusov o‘z aybiga iqror bo‘lib, o‘sha kuni noma’lum qizlarga nisbatan ko‘rsatilgan harakatlarni sodir etganini tasdiqlab, “klub ma’muriyatidan hech qanday moddiy foyda olmaganini” qo‘shimcha qildi. U o‘z qilmishi qanday oqibatlarga olib kelishini tushunganini aytdi va sudni bunday holat boshqa takrorlanmasligiga ishontirdi.

Sud Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bo‘yicha 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi, shu bilan birga, uni maxsus hibsxonada saqlash xarajatlaridan ozod qildi.

Qarorda qayd etilishicha, huquqbuzar o‘z xatti-harakati bilan jamiyatda o‘rnatilgan xulq-atvor qoidalariga ataylab mensimaslik kayfiyatini ko‘rsatgan.

Sud qarorida bar ma’muriyatiga nisbatan hech qanday jazo nazarda tutilmagan. Unda yigit ushbu barda ishlashi yoki yo‘qligiga ham aniqlik kiritilmagan.

Yevgeniya M. “Gazeta.uz"ga sud majlisiga taklif qilinmaganini bildirdi.