Daniya qiroli Frederik X mamlakat gerbini o‘zgartirib, unda Grenlandiya va Farer orollarining ramzlari — oq ayiq va qo‘chqorni yanada kattaroq qilib ko‘rsatdi, deb yozmoqda The Guardian va The Independent.

Qirollik veb saytida aytilishicha, o‘zgartirishlar 20-dekabrdagi qaror bilan qirolning “hamdo‘stlikni aks ettiradigan va tarix hamda geraldik an’analarni hisobga oladigan zamonaviy gerb yaratish” istagi tufayli kiritilgan.

1972-yilda qabul qilingan oldingi versiyada Grenlandiya va Farer orollari ramzlari gerbning to‘rtta maydonidan biriga joylashtirilgan. Endi ular kattaroq holatda alohida maydonlarga joylandi. Qolgan ikki maydondan Daniya va Janubiy Yutlandiya mintaqasining gerbi joy olgan (ikkalasinikida ham havorang sherlar tasviri bor).

Shuningdek, Grenlandiya va Farer orollari ramzlari bilan bir maydonda bo‘lgan va 1397−1523-yillar oralig‘ida tuzilgan Daniya, Norvegiya hamda Shvetsiyaning Kalmar ittifoqini ifodalovchi uchta toj gerbdan olib tashlangan. Qirollik bayonotida aytilishicha, bu element “endi dolzarb emas”.

The Guardian nashrining ta’kidlashicha, gerb o‘zgarishi Grenlandiya va uning Daniya bilan munosabatlari atrofida keskinlik kuchaygan davrda sodir bo‘ldi. Bu, shuningdek, AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning dekabr oyida orolga “egalik va nazorat qilish” AQSh uchun “mutlaq zarurat” ekanini aytgan so‘zlaridan keyin yuz berdi. Tramp Grenlandiyani sotib olish rejalari haqida o‘zining birinchi muddati davomida ham gapirgandi, ammo rad javobini olgan. Bu safar bosh vazir Mute Egede yana “Grenlandiya sotilmaydi” deb javob berdi, deb yozadi BBC.

Grenlandiya dunyodagi eng katta orol bo‘lib, Daniyaga qarashli. Uning aholisi 56,8 ming kishini tashkil etadi.