6-yanvar kuni Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo to‘qqiz yillik faoliyatidan so‘ng hukmron liberallar yetakchisi lavozimidan ketishini ma’lum qildi, biroq partiya boshqa nomzodni tanlamaguncha u o‘z lavozimida qoladi, deb yozmoqda Reuters.

2025-yilning oktabridan kechiktirmay parlament saylovlari bo‘lib o‘tishi kerak, unda Liberal partiya yutqazishi taxmin qilinmoqda, hozir Kanadada hukumat inqirozi davridir. Mamlakatda Tryudo boshliq rahbariyatdan norozilikning kuchayishi va moliya vazirining to‘satdan iste’foga chiqishi sababli hukumat ichida tartibsizliklar kuchaygan.

So‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, partiya saylovchilarning taxminan 20 foiz ovoziga, muxolifatdagi Konservativ partiya esa 40 foizdan ko‘proq ovozga ega bo‘lishi mumkin.

27-yanvardan faoliyatini qayta boshlashi kerak bo‘lgan parlament ishi 24-martgacha to‘xtatiladi. Ushbu muddat Liberal partiya yetakchiligi uchun “poyga” vaqti demakdir. Ammo muxolifat partiyalar ishonchsizlik votumi orqali Liberal partiyani ag‘darib tashlashi ham mumkin.

Tryudo o‘z iste’fosini e’lon qilgach, deyarli 10 yillik bosh vazirlik davrida “bu mamlakat uchun kurashganini” aytdi, deb yozadi CNN. “Har kuni ertalab men bosh vazir sifatida uyg‘onaman, kanadaliklarning matonati, saxiyligi va qat’iyatidan ilhomlanaman. Men бu mamlakat uchun, siz uchun kurashdim”, — dedi jurnalistlarga.

U o‘z ma’muriyatining Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi va pandemiya davridagi siyosatini hokimiyat tepasiga kelganidan beri erishgan eng katta yutuqlaridan biri sifatida sanab o‘tdi. “Biz pandemiya davrida bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash uchun yig‘ildik… Ukraina va demokratiyamiz bilan mustahkam turish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va iqtisodiyotimizni kelajakka tayyorlash uchun. Dunyodagi eng og‘ir damlarda yashayapmiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Jastin Tryudo 2013-yildan beri Liberal partiyani boshqarib kelmoqda. U 2015-yildan beri bosh vazir va ikki marta qayta saylanib, Kanadaning eng uzoq vaqt ishlagan bosh vazirlaridan biriga aylandi. Uning davrida Kanada evtanaziya (bemorning o‘limoldi azob-og‘riqlarini yengillashtirish; tuzalishi qiyin, og‘riq-azobdan qiynalayotgan bemorlarning o‘limini tezlashtirish)ni, marixuanani qonuniylashtirdi, issiqxona gazlari tashlamalari uchun soliq joriy qildi, bir martalik plastik idishlarni taqiqladi, qurolga egalik huquqini chekladi, turli nafaqalarni, ayniqsa, bolalar nafaqalarini sezilarli darajada oshirdi.

Tryudoning siyosati, ayniqsa, nafaqalar miqdorini oshirish katta budjet xarajatlarini talab qildi. Dastlab hukumat ularni korporativ soliqlar va boylar uchun soliqlarni oshirish orqali moliyalashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq, kovid pandemiyasi, dunyoning deyarli barcha joylarida bo‘lgani kabi, budjetni haddan tashqari zo‘riqtirdi va davlat qarzining sezilarli o‘sishiga olib keldi.

Bundan tashqari, budjet xarajatlarining o‘sishi ta’minot zanjirlarining buzilishi bilan birgalikda — dunyoning deyarli barcha joylarida bo‘lgani kabi — inflyatsiyaga olib keldi. Kanadada, boshqa ko‘plab G‘arb mamlakatlarida bo‘lgani kabi, narxlar inqirozi boshlandi. Oddiy qilib aytganda, hayot sezilarli darajada qimmatlashdi va ko‘pchilik fuqarolar hukumatni va uning rahbarini asosiy aybdor deb hisobladi. Shu tariqa bosh vazirning mashhurligi ikki yil oldin narxlarning yuqoriligi va uy-joy tanqisligi tufayli jamoatchilikning g‘azabi ostida pasayishni boshladi va qayta tiklanmadi.

“Kanadadagi ko‘pchilik [AQShdagi] 51-shtat bo‘lishni orzu qiladi. Qo‘shma Shtatlar Kanadaning zarurati uchun ulkan savdo taqchilligi va subsidiyalarga ortiq bardosh bera olmaydi. Jastin Tryudo buni anglab, iste’foga chiqdi. Agar Kanada AQSh bilan birlashsa, bojlar, soliqlar kamayardi va Kanadaga Rossiya va Xitoyning doimiy ravishda yaqin atrofda harakatlanadigan kemalari tahdid solmasdi. Birgalikda biz buyuk millat bo‘lishimiz mumkin edi!” — deb yozdi Tramp Kanada bosh vazirining iste’fosidan so‘ng Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida. Bu Trampning Kanadani qo‘shib olish haqida ilk bor gapirishi emas.