Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘ribosari Rahim Hakimov 7-yanvar kuni palataning barcha organlari bu yilgi faoliyatida prezident tashabbuslarini birinchi galdagi vazifasi sifatida belgilab, ularni og‘ishmay amalga oshirishi lozimligini ta’kidladi.

Rahim Hakimov bu gaplarni shu kuni bo‘lib o‘tgan Qonunchilik palatasi majlisiga raislik qilib, o‘zining kirish so‘zida aytib o‘tdi. Spiker Nuriddin Ismoilov majlisda ishtirok etmadi.

“O‘tgan haftada xalqimiz yangi yilni xursandchilik bilan kutib oldi. Mamlakatimiz prezidentining bayram munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yangi yil tabrigini ommaviy axborot vositalari orqali tingladik. Davlatimiz rahbari xalqimizning fidokorona mehnati, siyosiy, ijtimoiy faolligi bilan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi real voqelikka aylanayotganini alohida qayd etdilar”, — dedi Rahim Hakimov nutqi avvalida.

Spiker o‘ribosari prezident tabrigi parlament a’zolariga ham yangicha shijoat bag‘ishlab, ularni yangi marralar sari undaganini ta’kidlashayotganini aytdi.

“Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlar demokratik islohotlarning yangi davriga qadam qo‘yganimizni yana bir marta tasdiqlaganini aytib o‘tdilar. Deputatlar korpusi prezidentimiz tabrigi barcha yurtdoshlarimiz kabi parlament a’zolariga ham yangicha shijoat bag‘ishlab, ularni yangi marralar sari undaganini ta’kidlashmoqda. Aytish kerakki, prezidentimiz tabrigida mamlakatimiz kelajagi uchun muhim yo‘nalishlar ham aniq bayon qilindi”, — dedi u.

Rahim Hakimov, shuningdek, deputatlar budjet ijrosini nazorat qilishga alohida e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidladi.

“Yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq, davlat budjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish Qonunchilik palatasining mutlaq vakolati sanaladi. Shundan kelib chiqib, avvalo qonunning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishimiz, hamda budjet ijrosini nazorat qilishga alohida e’tibor qaratishimiz kerak bo‘ladi. Qo‘mitalar o‘z faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqib, tegishli vazirlik va idoralarning axborotlarini eshitib borishlari, joylarda nazorat-tahlil tadbirlarini kuchaytirishlari lozim. Fraksiyalar o‘z partiyalari saylovoldi dasturlaridan kelib chiqib, davlat budjeti ijrosi bilan bog‘liq masalalarni parlament minbariga olib chiqish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi”, — dedi spiker o‘ribosari.

U mazkur majlis 2025-yil hisobidan Qonunchilik palatasining birinchi majlisi ekanligi qayd etib, o‘tgan haftada siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mitalar majlislari o‘tkazilib, joriy yildagi ustuvor vazifalari, ish rejalari belgilab olinganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, majlislarda mamlakat prezidentining 2024-yil 18-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi, shuningdek, palataning 20-noyabrdagi majlisida so‘zlagan nutqlarida ilgari surilgan g‘oyalar, takliflar va tashabbuslarni hayotga tadbiq etishga yana bir bor e’tibor qaratilgan.

“Bilasizlar, mamlakatimiz prezidentining Oliy Majlis palatalarining o‘tgan yil 18−20-noyabrida bo‘lib o‘tgan majlislardagi nutqlarida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Qonunchilik palatasining harakatlar dasturi ham tasdiqlangan. Albatta, Qonunchilik palatasining barcha organlari bu yilgi faoliyatlarida prezidentimiz tashabbuslarini birinchi galdagi vazifalari sifatida belgilab, ularni og‘ishmay amalga oshirishlari lozim bo‘ladi. Bu esa deputatlar korpusidan katta mas’uliyat bilan ishlashni, saylovchilar manfaatlarini ta’minlash borasida yanada tashabbuskor bo‘lishni talab etadi”, — dedi u.

Shundan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashining navbatdagi yig‘ilishi boshlangan. Unda kengash a’zolari tomonidan Qonunchilik palatasi faoliyatiga oid qator masalalar muhokama qilingan. Majlis kun tartibidan o‘rin olgan o‘nga yaqin, jumladan, yer uchastkalaridan foydalanish tartibi yanada takomillashtirish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish, elektron sigaretalarning muomalasini taqiqlash, qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilishga qaratilgan masalalar atroflicha ko‘rib chiqilgan.