Ukrainada saylovlar “urush tugamaguncha yoki qonunchilikni o‘zgartirish kerak bo‘lmaguncha” o‘tkazilishi mumkin emas. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy podkaster Leks Fridmanga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“O‘ylaymanki, saylovlar harbiy holat tugaganidan so‘ng darhol o‘tkaziladi — bu qonunga muvofiq. Yoki parlament a’zolari birlashishi va qonunchiligini o‘zgartirishi kerak, buni amalga oshirish juda qiyin bo‘ladi, chunki jamiyat bunga qarshi”, — dedi prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, saylovlar ishonchli o‘tishi kerak. Buning uchun mamlakatdan chiqib ketgan millionlab ukrainaliklar ovoz berishi uchun tegishli sharoitlar yaratish zarur. Bosib olingan hududlarda yana millionlab odamlar bor. Bu qiyin masala, — dedi Zelenskiy, “bir million askarsiz” saylovlar adolatsiz bo‘lishini ta’kidlab.
Undan ikkinchi marta prezidentlikka nomzodini qo‘yish-qo‘ymasligi so‘ralganida u shunday javob berdi: “Bilmayman… Bu — juda qiyin savol”. Uning ta’kidlashicha, qaror urushning natijasiga va odamlar nima xohlashiga bog‘liq bo‘ladi.
U mazkur masala uning oilasiga ham bog‘liqligini qo‘shimcha qildi. “Bu haqda oilam bilan gaplashishga vaqtimiz bo‘lmadi. Va, albatta, imkoniyat ham, chunki biz hozir bu haqda o‘ylamayapmiz”, — deya tushuntirdi Zelenskiy.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ayrim siyosatchilar va muxolifat vakillari saylov mavzusini ko‘tarmoqda. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, siyosatchilar hozir saylov kampaniyasini boshlamasliklari kerak, chunki urush paytida saylovlar o‘tkazish Ukraina xalqining bo‘linishiga olib kelishi mumkin.
Zelenskiy e’tiborini urushga qaratganini va eng murakkab munozaralar muzokaralar stolida bo‘lishini ta’kidladi.
O‘tgan yilning noyabr oyida bir necha OAV Ukrainada prezident saylovi uchun “ma’lum tayyorgarliklar” boshlangani, muhokama qilinayotgan sana — 2025-yil 25-may ekani haqida yozgandi. Ukraina prezidenti ofisi buni rad etgan.
- Ukrainada prezidentlik saylovi 2024-yil 31-mart kuni o‘tkazilishi kerak edi, biroq mamlakatda harbiy holat joriy qilingani sababli bunday bo‘lmadi. Zelenskiy 2024-yilning noyabr oyida “hozir saylovlar vaqti emas”, “hozir mudofaa vaqti, jang vaqti” degandi. Ukrainaliklar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, aholining aksariyati urush tugagunga qadar saylovlarni o‘tkazishga qarshi.