Shavkat Mirziyoyev 24-dekabr kuni “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tarkibida Navoiy, Olmaliq, Bekobod va Temir yo‘l sanoat xavfsizligi inspeksiyalari tashkil etildi.

Qo‘mita zimmasiga 2025-yilda quyidagi ustuvor vazifalar yuklandi:

  • sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi hamda istirohat bog‘lari attraksionlaridan foydalanishdagi xavfsizlik talablarini qayta ko‘rib chiqish;
  • radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi xalqaro standartlar va talablarni milliy qonunchilikka joriy etish;
  • sanoat xavfsizligini ta’minlashda masofadan nazorat qilish mexanizmini joriy etish;
  • xavfli ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish;
  • sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
  • sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini davlat tomonidan tartibga solish infratuzilmasini rivojlantirish.

Qo‘mita bir oy muddatda mazkur ustuvor vazifalarni bajarish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarni va chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin hamda har chorakda ularning ijrosi natijalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi.

Sanoat xavfsizligi sohasini to‘liq raqamlashtirish maqsadida qo‘mita 2025-yil yakuniga qadar “Yagona integratsiyalashgan ekotizim” axborot tizimini ishga tushiradi hamda boshqa vazirlik va idoralarning axborot tizimlari hamda resurslari bilan integratsiya qiladi.

2025-yil 1-iyuldan yuridik shaxslarga nisbatan quyidagilar uchun jarimalar qo‘llanilishi joriy etiladi:

  • xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligi talablarini buzganlik uchun;
  • radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq qoidalar va boshqa talablarni buzganlik uchun;
  • istirohat bog‘lari attratsionlarini ekspluatatsiya qilishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi qonunchilik va normativ hujjatlar talablarini buzganlik uchun.

O‘zbekiston quyidagi xalqaro shartnomalarga qo‘shilishni rejalashtirmoqda:

  • Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi (Vena, 1963-yil 21-may);
  • Yadroviy avariyalari yoki radiatsiyaviy avariya holatlarida yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi konvensiya (Vena, 1986-yil 26-sentabr);
  • Yadroviy avariya haqida tezkor xabar berish to‘g‘risidagi konvensiya (Vena, 1986-yil 26-sentabr);
  • Yadro xavfsizligi to‘g‘risidagi konvensiya (Vena, 1994-yil 17-iyun).

Bundan tashqari, 2025-yilda quyidagi qonunlarni ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda:

  • “Kimyoviy xavfsizlik to‘g‘risida”;
  • “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”;
  • “Radioaktiv chiqindilar bilan muomala qilish to‘g‘risida”.