Ma’muriy qamoq O‘zbekistonda eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan jazo turlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Uning qo‘llanilish holatlari adolat mezonlariga, samarali ta’sir ko‘rsatish maqsadiga mos kelishi, qolaversa, asosli tayinlanganligi borasida ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ko‘p hollarda kam ahamiyatli bo‘lgan huquqbuzarliklar uchun 15 sutkagacha bo‘lgan qamoq jazosi haqida gap ketganida, ushbu holatlar bir qator muhim savollar kelib chiqishiga sabab bo‘lyapti: O‘zbekistondagi odil sudlov fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qanchalik qodir va u zamonaviy standartlarga javob beradimi?
Yaponiyaning Kobe universiteti yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Husain Radjapov va yuridik fanlar doktori Farhod Fozilov “Gazeta.uz” uchun yozgan maqolasida qonunchilikdagi bo‘shliqlar va huquqni qo‘llash amaliyoti haqida fikr yuritib, ma’muriy qamoqni qo‘llash tizimini xalqaro tajriba va insonparvarlik tamoyillari asosida isloh qilishni taklif etadi.
Ma’muriy qamoq jazosining qo‘llanilishi bo‘yicha keng jamoatchilik uchun ochiq rasmiy statistik ma’lumotlarning yo‘qligi ham muammoni yanada chigallashtirmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 29-moddasiga muvofiq, ma’muriy qamoq 3 sutkadan 15 sutkagacha muddatga, favqulodda holat tartibi sharoitida esa jamoat tartibiga tajovuz qilganlik uchun 30 sutkagacha bo‘lgan muddatga qo‘llaniladi. Ma’muriy qamoqqa olish jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi tomonidan, favqulodda holat tartibi sharoitida esa harbiy komendant yoki ichki ishlar organi boshlig‘i tomonidan belgilanadi.
Ma’muriy qamoqni qo‘llashda sud xohish-irodasi hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Biroq asosiy muammo chuqurroq — sudyalar xohish-irodasiga bunday qarorlarni qabul qilish uchun haddan tashqari keng vakolatlar beradigan qonunchilikda yotadi. Bu esa ushbu turdagi jazolarning adolat va insonparvarlik tamoyillariga muvofiqligini shubha ostida qoldiradi.
O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasida har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shu jumladan, harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytda ham advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega ekanligi ta’kidlangan (29-modda). Bu sezilarli ijobiy o‘zgarish, ammo u ma’muriy qamoqdagi protsessual kafolatlarga ta’sir qilmaydi. “O‘zbekiston-2030” strategiyasi to‘g‘risidagi prezident farmoni tizimni isloh qilish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Hujjatda ozodlikdan mahrum qilish ko‘rinishidagi jazolar ulushini 30 foizdan 20 foizga kamaytirish, sud hokimiyatining mustaqilligini oshirish va jamiyatning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash nazarda tutilgan.
Ijobiy tashabbuslarga qaramay, Konstitutsiya va “Strategiya-2030” ma’muriy qamoqni qo‘llash sohasida yetarli kafolatlarni taqdim etmayapti. Bu islohotlarda ham ma’muriy qamoq e’tibordan chetda qoldirilib, faqat jinoyat protsessi masalalari bilan cheklanib qolinyapti.
Qonunchilik bilan bog‘liq muammolar
1. Keng diskretsiya. Qonunlar sudyalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jarima yoki qamoq jazo chorasidan birini tanlash imkoniyatini berib, juda keng diskretsiya (harakat erkinligi, xohish-iroda) taqdim etadi. Sud hokimiyatining yetarli darajada mustaqil emasligi va kuch ishlatar tuzilmalarning yuqori darajadagi ta’siri sharoitida qonunchilikda o‘z xohish-irodasini bildirishning bunday erkinligi suiiste’molliklarga olib keladi. Amaliyotda sudyalar ko‘pincha huquqni muhofaza qiluvchi organlarning bosimi ostida, huquqbuzar birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan va jarima bilan jazolanishi mumkin bo‘lgan hollarda ham 15 sutkalik qamoq to‘g‘risida qaror chiqarishi ajablanarli bo‘lmay qoldi.
2. Jarimaga muqobil sifatida qamoqni qo‘llashning nomaqbulligi. Agar huquqbuzarning jarimani to‘lashga moliyaviy imkoniyati bo‘lmasa, ma’muriy qamoq jazosi qo‘llaniladi, degan nuqtai nazar bema’nilikdir. Chunki ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi qonunning 24-moddasi 1-qismiga ko‘ra, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslardan sutkasiga bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida maxsus hibsxonada saqlash bilan bog‘liq xarajatlari undiriladi. Shunday qilib, huquqbuzarni bir vaqtning o‘zida ham ozodlikdan mahrum etiladi, ham zimmasiga moliyaviy majburiyatlar yuklatiladi, bu esa insonparvarlik va adolat tamoyillariga zid.
3. Aniq mezonlarning yo‘qligi. Qonunlarda qamoq jazosini qo‘llashga doir aniq mezonlar nazarda tutilmagan, bu esa hatto arzimas qoidabuzarliklar uchun ham ushbu jazo turidan foydalanish imkonini beradi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda — mayda bezorilikdan tashqari — 50 dan ortiq turdagi huquqbuzarliklar uchun 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.
Ma’muriy huquqbuzarliklar konseptual jihatdan ijtimoiy xavflilik darajasi pastligi bilan jinoiy qilmishlardan farq qiladi. Ma’muriy qamoq tarzidagi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga faqat oxirgi chora sifatida qarash lozim. Aksariyat hollarda ma’muriy huquqbuzarliklar uchun ma’muriy qamoqni qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘lmasligi ham mumkin. Ma’muriy qamoqdan bunday keng foydalanish inson huquqlarining zamonaviy standartlariga mos kelmaydi va o‘tmishdan meros qolgan jazo amaliyotining qoldig‘i sifatida o‘zini namoyon etadi.
4. Protsessual tartibda himoya qilinmaslik. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra (MJtK 297-moddasi), ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha advokatning ishtiroki majburiy emas, lekin huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsning iltimosiga binoan jalb etilishi mumkin. Amalda esa bu qoida ko‘plab savollarni keltirib chiqaradi. Huquq-tartibot organlari tomonidan ko‘p hollarda vakolatlar suiiste’mol qilinadigan sharoitda fuqarolarga ularning himoyalanish huquqi tushuntirilmaydi yoki advokatni jalb qilish to‘g‘risidagi iltimoslari e’tiborga olinmaydi. Bunday holat odil sudlovning asosiy tamoyillariga putur yetkazadi va fuqaro tegishli himoyadan mahrum qiladi.
Qonun hujjatlarini isloh qilishga oid takliflar
O‘zbekistonda ma’muriy jazo tizimining insonparvarligi va samaradorligini oshirish, shuningdek, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan suiiste’mollarning oldini olish maqsadida quyidagi chora-tadbirlar taklif etiladi:
1. Jiddiy ijtimoiy xavf tug‘dirmaydigan huquqbuzarliklar uchun 15 sutkagacha bo‘lgan ma’muriy qamoq jazosini sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish. Adolat va mutanosiblik tamoyillaridan kelib chiqilsa, bu maqsadga muvofiqdir. Bunday huquqbuzarliklarni tanlash mezonlari sirasiga fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga, shuningdek, atrof-muhitga tahdid mavjud bo‘lmagan holatlarni kiritish mumkin. Bundan tashqari, ma’muriy huquqbuzarliklar tarkibini ko‘rsatilgan mezonlarga tayangan holda qayta ko‘rib chiqish va aniq belgilash zarur.
Bu yondashuvni amalga tatbiq etish uchun ma’muriy qamoq institutida konseptual o‘zgarishlarni ishlab chiqishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish talab etiladi. Ushbu tadqiqotlar xalqaro standartlarni hisobga olishi, ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni tahlil qilishi va muqobil javobgarlik choralarini joriy etishni taklif etishi lozim. Bunday yondashuv ma’muriy javobgarlikning zamonaviy mexanizmlarini inson huquqlarini himoya qilish talablari va qonun ustuvorligi tamoyillariga muvofiqligini ta’minlash, shuningdek, ularning samaradorligi va ijtimoiy ahamiyatini oshirish imkonini beradi.
2. Ma’muriy qamoqni faqat “retsidivistlar” — ilgari qo‘llanilgan jarimalar yoki boshqa “yumshoqroq” jazolardan tegishli xulosa chiqarmagan shaxslarga nisbatan eng so‘nggi jazo chorasi sifatida nazarda tutish. Bunday chora, masalan, ma’muriy jarima tayinlanganidan so‘ng bir yil ichida xuddi shunday huquqbuzarlik takroran sodir etilganda qo‘llanilishi mumkin.
Qonunchilikda muayyan turdagi huquqbuzarliklarga nisbatan allaqachon qisman mavjud bo‘lgan bu yondashuv jinoyat huquqida ma’lum bo‘lgan ma’muriy preyuditsiya tamoyiliga mos keladi. Ushbu tamoyilga ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarlikni belgilangan vaqt oralig‘ida bir necha marta sodir etish qilmishni jinoyatga aylantiradi. Biroq taklif etilayotgan model ma’muriy jazolar tizimiga konseptual o‘zgarishlar kiritib, retsidivlarning oldini olishga qaratilgan yanada moslashuvchan, shu bilan bir vaqtda qat’iy mexanizmni taklif qiladi. Bunday yondashuv ma’muriy qamoq boshqa jazo choralari tugaganidan keyingina qo‘llaniladigan favqulodda chora bo‘ladigan javobgarlik darajalari (gradatsiyasi)ni shakllantirish imkonini beradi.
3. Majburiy huquqiy himoya. Agar fuqaro jazo choralaridan biri sifatida ma’muriy qamoq nazarda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha ayblanayotgan bo‘lsa, u qo‘lga olingan paytdan boshlab advokat bilan ta’minlanishi shart. Ma’muriy qamoq tayinlanishi mumkin bo‘lgan ishlarda advokatning majburiy ishtirokini kafolatlash ehtimoliy suiiste’mol qilishning oldini olish va inson huquqlariga rioya etilishini ta’minlash uchun jarayonning ajralmas qismiga aylanishi lozim.
4. Ma’muriy qamoq o‘rniga muqobil jazo choralari tizimini joriy etish. Ijtimoiy reabilitatsiya bo‘yicha majburiy dasturlar yoki huquqbuzarlar uchun ta’lim kurslarini o‘tash kabi muqobil javobgarlik choralarini taklif qilish va qonunchilikda mustahkamlash zarur. Bu choralar arzimas huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarga nisbatan samarali bo‘lishi mumkin, bunda ozodlikni cheklash istisno etiladi.
Xalqaro tajriba
Xalqaro amaliyotda ma’muriy qamoqni qo‘llash turli davlatlarning huquqiy tizimlariga qarab bir-biridan farq qiladi.
Germaniya va Fransiya: Ma’muriy qamoq asosan migratsiya qonunchiligi buzilishi bilan bog‘liq cheklangan hollardagina qo‘llaniladi. Masalan, u deportatsiya qilinishi lozim bo‘lgan shaxslarga nisbatan ularni mamlakatdan chiqarib yuborishni ta’minlash maqsadida ushlab turish uchun ishlatilishi mumkin. Bunday qamoqqa olish muddati qat’iy belgilangan va sud nazorati ostida bo‘lishi shart.
Ispaniya: Agar huquqbuzarlik uchun jarima to‘lanmagan bo‘lsa, “jarima to‘langungacha ushlab turish” doirasida qisqa muddatli ozodlikdan mahrum qilish mumkin, lekin bunday holatlar juda kam uchraydi.
Italiya: Immigratsiya qonunchiligi buzilgan taqdirda ma’muriy qamoq choralari (detention) qo‘llanishi mumkin, biroq bular istisno holatlar hisoblanadi.
AQSh: Ayrim shtatlarda politsiya tartibbuzarlarni, deylik, mayda bezorilik uchun hibsga olishi mumkin, ammo bu ma’muriy qamoq jazosidan ko‘ra ko‘proq vaqtinchalik qamoqqa olishga o‘xshaydi.
Ma’muriy qamoq bugungi kunda mavjud bo‘lgan ko‘rinishida demokratik tamoyillar va zamonaviy xalqaro standartlarga yetarli darajada javob bermaydi. U faqatgina jarima yoki boshqa ma’muriy jazo choralari qo‘llanganidan so‘ng, ma’lum muddat (masalan, bir yil) ichida takroran sodir etilgan xuddi shunday huquqbuzarliklar uchungina qo‘llanishi lozim. Ma’muriy qamoqni qo‘llash bo‘yicha yondashuvlarning o‘zgarmasligi, bir tomondan, fuqarolarning davlat organlariga nisbatan ishonchi yo‘qolishiga, ikkinchi tomondan, insonparvarlik va qonun ustuvorligi nuqtai nazaridan samarasiz bo‘lgan jazo choralari uchun davlatning moliyaviy, tashkiliy resurslari sarf bo‘lishda davom etishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.