O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston hukumatlari rahbarlari uch davlat — Qirg‘izistonning Botken viloyati, O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati va Tojikistonning So‘g‘d viloyati davlat chegaralari tutashgan nuqtada uch tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati axborot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda bosh vazir Abdulla Aripov, Vazirlar Mahkamasi raisi — Qirg‘iziston prezidenti Administratsiyasi rahbari Adilbek Kasimaliyev va Tojikiston bosh vaziri Kohir Rasulzoda ishtirok etdi.
Tomonlar ushbu uchrashuv uch mamlakat davlat rahbarlari o‘rtasida davlat chegaralari masalalari bo‘yicha avval erishilgan kelishuvlar doirasida o‘tkazilayotganini ta’kidlab, “hamisha hamkorlikni va mintaqaviy integratsiyani mustahkamlashga intilishini” qayd etdi.
Bosh vazirlar mamlakatlar savdo, logistika, energetika va madaniy-gumanitar aloqalar kabi muhim yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish uchun katta salohiyatga ega ekanini ta’kidladi, deyiladi xabarda. Ularning fikricha, hamkorlikning muhim tarkibiy qismi chegaraoldi va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishdir, bu esa mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish uchun harakatlantiruvchi kuchga aylanadi.
Bundan tashqari, uchrashuvda Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi davlat chegarasini delimitatsiya qilish jarayoni yakunlangani va “Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasi to‘g‘risida”gi bitim ratifikatsiya yorliqlari almashilgani qayd etildi.
Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida 2024-yil 4-dekabrdagi Davlat chegarasi to‘g‘risidagi bitimda Qirg‘iziston-Tojikiston davlat chegarasining qolgan uchastkalarini tavsiflash jarayonini yakunlash alohida ahamiyatga ega ekani qayd etilgan, ishchi guruhlar qisqa muddatda yakuniy hujjatlarni tayyorlashi zarur.
Uchrashuv yakunida hukumat rahbarlari bugungi yig‘ilish “xalqlar va mamlakatlar farovonligi yo‘lida mintaqa taqdirini o‘nlab yillar davomida belgilab berishiga” ishonch bildirdi, deyiladi xabarda.
Davlat rahbarlarining navbatdagi uchrashuvi qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi, deya ma’lum qildi Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibiga energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni Salimjon Husanov, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov ham kirdi.