AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp 7-yanvar kuni — inauguratsiyadan ikki hafta oldin — prezidentlik saylovlari natijalari rasman tasdiqlangandan so‘ng birinchi matbuot anjumanini o‘tkazdi. Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida jurnalistlar oldida so‘zga chiqqan Tramp Grenlandiya va Panama kanali ustidan AQSh nazoratini o‘rnatish uchun harbiy kuch va Kanadaning qo‘shilishi uchun “iqtisodiy kuch”dan foydalanishni istisno qilmadi. U, shuningdek, agar HAMAS isroillik garovga olinganlarni ozod qilmasa, Yaqin Sharqda “haqiqiy jahannam” bo‘lishi bilan tahdid qildi va Rossiyaning NATO kengayishi borasidagi his-tuyg‘ularini “tushunishini” aytdi. Trampning prezidentlik saylovlari natijalari rasman tasdiqlangandan keyingi birinchi matbuot anjumanidan asosiy iqtiboslari — “Gazeta.uz” obzorida.

Uning prezidentligi haqida

“Amerika Qo‘shma Shtatlarining saylangan prezidenti ekanimni bilasizmi? Men juda muvaffaqiyatli sobiq prezidentman. Mamlakatimiz tarixidagi eng buyuk iqtisodiyotga ega edik. Chegaralarimiz yopiq va chiroyli edi. Bizda hammasi bor edi. Yaxshi kechdi. Urush bo‘lmadi. ISHIDni yengdik. Bizda urush bo‘lmadi. Hozir esa Rossiya, Ukraina va Isroil bilan yonayotgan dunyoga qaytyapman…”

Ukraina va Rossiya haqida

“Bu — Baydenning mag‘lubiyati. Agar bizda chinakam prezident bo‘lganida hech qachon bunday bo‘lmasdi… Rossiya hech qachon [Ukrainaga bostirib kirmasdi]. Har qanday o‘rtamiyona muzokarachi bitim tuzishi mumkin edi… Ko‘p, ko‘p yillar oldin Rossiya, Putindan ancha oldin, NATO hech qachon Ukraina ishlariga aralasholmaydi, deb aytgan edi… Bayden shunday dedi: „Yo‘q, ular NATOga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak“. Xullas, kimdir Rossiyaning ostonasida turarkan, men ularning bu bo‘yicha hislarini tushunishim mumkin”.

Panama kanali haqida

“Panama kanali — sharmandalik. Panama kanaliga nima bo‘ldi? [AQSh sobiq prezidenti] Jimmi Karter uni ularga 1 dollarga berdi. Dahshatli qaror. Bu mamlakatimiz tarixida qurilgan eng qimmatbaho inshoot edi… Biz uni 1 dollarga berdik, lekin bitim shundan iborat ediki, ular biz bilan adolatli munosabatda bo‘lishlari kerak edi. Ular biz bilan adolatsiz munosabatda bo‘lishmoqda. Ular boshqa mamlakatlarning kemalariga qaraganda bizning kemalarimizdan ko‘proq haq oladi. Ular bizni ahmoq deb hisoblashgani uchun ustimizdan kulishyapti, lekin biz ortiq ahmoq emasmiz.

Panama kanali mamlakatimiz uchun juda muhimdir. Uni Xitoy boshqaradi. Xitoy. Biz Panama kanalini Xitoyga bermadik, balki Panamaga berdik. Va ular buni suiiste’mol qildi. Ular bu sovg‘ani suiiste’mol qildi. Darvoqe, uni sovg‘a qilish umuman yaramaydi. Mening fikrimcha, Panama kanalini berishgani uchun Jimmi Karter saylovda yutqazgan".

Grenlandiya haqida

“Grenlandiya bizga milliy xavfsizlik uchun kerak. Menga buni ancha oldin, nomzodimni qo‘yishimdan ancha oldin aytishgan edi. Aytmoqchimanki, odamlar bu haqda ko‘pdan beri gapirishadi. U yerda taxminan 45 ming kishi bor. Odamlar aslida Daniyaning unga qandaydir qonuniy huquqlari bor-yo‘qligini bilmaydi, lekin agar bo‘lsa, undan voz kechishlari kerak, chunki u bizga milliy xavfsizlik uchun kerak. Bu erkin dunyo uchun. Men erkin dunyoni himoya qilish haqida gapiryapman”.

Jurnalistlar Trampdan Panama kanali va Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish uchun harbiy va iqtisodiy kuch ishlatmaslikka va’da berishga tayyormi, deb so‘raganida, u shunday javob berdi: “Yo‘q, men buni qila olmayman. Ular bizga iqtisodiy xavfsizlik uchun kerak. Panama kanali harbiy kuchlarimiz uchun qurilgan. Men bunga va’da bermoqchi emasman. Balki biror chora ko‘rishga to‘g‘ri kelar”.

Meksika ko‘rfazi nomini o‘zgartirish haqida

“Biz Meksika ko‘rfazi nomini katta hududni qamrab olgan Amerika ko‘rfaziga o‘zgartirishni rejalashtirmoqdamiz. Amerika ko‘rfazi, qanday chiroyli nom. Va bu o‘rinli hamdir”.

Kanada haqida

“Kanada va AQSh — haqiqatan ham bundan nimadir chiqardi. Siz bu sun’iy chizilgan chegaradan xalos bo‘lasiz va bu qanday ko‘rinishini kuzatasiz. Bu milliy xavfsizlik uchun ham ancha yaxshi bo‘lardi. Unutmang, biz amalda Kanadani himoya qilamiz. Lekin muammo mana shunda. U yerda do‘stlarim juda ko‘p, Kanada xalqini yaxshi ko‘raman, ular ajoyib odamlar. Lekin biz ularni himoya qilish uchun yiliga yuzlab milliardlab mablag‘ sarflaymiz. Biz Kanadaga g‘amxo‘rlik qilish uchun yiliga yuzlab milliard sarflaymiz. Savdo taqchilligi tufayli biz yo‘qotyapmiz… Ular [AQSh] shtatiga aylanishi kerak.

Tramp Kanadaga qarshi harbiy kuch ishlatishga tayyormi, degan savolga shunday javob berdi: “Yo‘q, iqtisodiy kuch”.

HAMAS garovga olgan isroilliklar haqida

“Agar ular men lavozimga kirgunimga qadar qaytarilmasa, Yaqin Sharqda haqiqiy jahannam boshlanadi. Va bu HAMASga ham, to‘g‘risini aytganda, boshqa hech kimga ham foyda keltirmaydi. Haqiqiy jahannam boshlanadi”.

NATO haqida

“Agar men o‘shanda hisob-kitoblarni to‘lamagan mamlakatlardan pul yig‘maganimda, NATO hozir mavjud bo‘lmas edi… 21 mamlakat, aniqrog‘i, to‘lamagan yoki juda oz qismini to‘lagan. Va men 680 milliard dollardan ortiq pul yig‘dim, agar siz to‘lamasangiz, biz sizni himoya qilmaymiz, deb aytdim. Shu gapni aytishim bilanoq pullar daryo bo‘lib oqa boshladi… Ammo ular 2% emas, balki 5% [YAIM] darajasida [to‘lashlari] kerak. Men ularni 2% to‘lashga majbur qilgan odamman. Ammo bosh vazir o‘rnidan turib menga shunday dedi: “Ser, sizdan bir savol so‘rasam maylimi? Siz hisob-kitoblarni to‘lab qo‘yishimiz kerakligini aytyapsiz. Agar biz ularni to‘lamasak, Qo‘shma Shtatlar bizni Rossiyadan himoya qiladimi?” Men: “Agar to‘lamasangiz, demak, siz qarzdor ekaningizni nazarda tutyapsizmi?” deb so‘radim. U: “Ha” dedi. Men esa: “Agar siz qarzdor bo‘lsangiz, sizni himoya qilmaymiz” dedim.