2025-yil 1-yanvardan Toshkent avtobuslarida yo‘l haqini to‘lash uchun naqd pul qabul qilish to‘xtatildi. Yo‘lovchilar faqat bank kartalari (kontaktsiz), ATTO transport kartalari (jumladan, mobil ilova orqali ochilgan virtual kartalar), to‘lov mobil ilovalari yoki ko‘chalardagi infokiosklar orqali xarid qilingan QR-kodli bir martalik chiptalardan foydalanishi mumkin.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) 4-yanvar kuni “endilikda yo‘l haqini naqd pul ko‘rinishida bergan yo‘lovchi jarimaga tortilishi” haqida xabar berdi. 7-yanvar kuni xabar “Toshshahartransxizmat” Telegram kanali, keyin esa aksariyat internet OAV tomonidan qayta nashr etildi.

Transport inspeksiyasi poytaxt bo‘limi inspektori Salimjon Nishonboyevning O‘zA muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, naqd to‘lovlarni qabul qilishda haydovchilar uchun ham, yo‘lovchilar uchun ham ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, birinchi martasida yo‘lovchilar va haydovchilar ogohlantiriladi, keyin esa ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144 (Chiptasiz sayohat) va 145 (Yo‘lovchilarni chiptasiz tashish) moddalari bo‘yicha jarimaga tortiladi. Chiptasiz sayohat qilganlik uchun jarima BHMning 1/10 qismini yoki 37,5 ming so‘mni tashkil etadi.

Kechqurun Transport vazirligi Toshkent avtobus yo‘nalishlarida yo‘l haqini naqd pulda to‘lagan yo‘lovchilarga jarima solinishi haqidagi ma’lumot asossiz ekani haqida bayonot e’lon qildi. Ushbu moddalar chiptasiz sayohat holatlarida qo‘llanadi.

Muammolar

Avtobuslarda naqd pul qabul qilish bekor qilinishi bilan transport yoki bank kartasi bo‘lmagan, mobil ilovalardan foydalanishni bilmaydigan yoki oddiygina yangilikdan xabari bo‘lmagan yo‘lovchilar uchun ayrim muammolar yuzaga keldi.

“Gazeta.uz” muxbirlari Qozog‘istonda yashovchi fuqaro infokioskda chipta sotib olishda qiyinchiliklarga duch kelganiga guvoh bo‘ldi (video). Birinchidan, infokiosklar qaytim bermaydi — qaytim hisobga tushishi uchun O‘zbekistondagi mobil telefon raqamini ko‘rsatish kerak. Ikkinchidan, bir vaqtning o‘zida bir nechta chipta uchun to‘lab bo‘lmaydi — har bir chipta uchun alohida to‘lash va qaytimni telefon raqami orqali olish kerak.

Toshkent shahri transport bosh boshqarmasining xabar berishicha, poytaxtda 2644 ta avtobus bekati mavjud bo‘lib, ular yaqinida (300 metrgacha radiusda) chipta xarid qilish uchun 5500 ta kiosk mavjud. Biroq ko‘plab bekatlarda, ayniqsa, shahar chekkasida infokiosklar yo‘q.

Ayrim infokiosklarda chipta chiqarish uchun qog‘oz tugab qolgan. Bunday hollarda smartfon orqali kiosk ekranidani QR-kodni suratga olish tavsiya etiladi (agar mavjud bo‘lsa).

Ayrim kassalarda ATTO transport kartalari ham mavjud emas. Kassirlarning “Gazeta.uz” muxbiriga ma’lum qilishicha, kartalar yaqin orada paydo bo‘ladi.

Ta’kidlash joiz, ko‘pchilik haydovchilar yangi yilning ilk kunlarida yo‘lovchilarda chipta sotib olish imkoniyati yo‘qligini yoki naqd pul qabul qilish bekor qilinganidan xabari yo‘qligini ko‘rib, salonga kirishiga ruxsat bergan.

Eslatib o‘tamiz, tekshiruv vaqtida inspektorlarga ko‘rsatilishi uchun sayohat oxirigacha yoningizda QR-kodli chipta bo‘lishi shart. Ishlatilmagan chipta kun oxirigacha amal qiladi (uni keyingi kun uchun oldindan sotib olish mumkin emas).

Transport boshqarmasi bekatlarda qo‘shimcha infokiosklar o‘rnatilishini ma’lum qildi.