Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 7-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi bilan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarni sug‘urta qoidalariga asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda tabiiy ofatlar, yong‘in, o‘simliklarning kasalliklar va zararkunandalardan talafot ko‘rishi, chorva mollarining yuqumli kasalliklardan nobud bo‘lishi va zaharlanishi hamda yovvoyi hayvonlar tomonidan ekinlarga zarar yetkazilishi bo‘yicha sug‘urta shartnomalarini tuzish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslarini belgilash, qishloq xo‘jaligi sohasida tavakkalchiliklarini sug‘urtalash jarayonida ishtirok etuvchi subyektlarning huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.
Loyihada qishloq xo‘jaligida sug‘urta sohasini tartibga solish maqsadida qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasini tashkil etish belgilangan. Loyihada jamg‘armaning:
- daromadlari va xarajatlari;
- sug‘urtalanishi lozim bo‘lgan tavakkalchiliklar;
- sug‘urta mukofotlari bo‘yicha subsidiyalar berish;
- qayta sug‘urtani amalga oshirish;
- sug‘urta tovonlarini to‘lash;
- sug‘urta tizimini to‘liq raqamlashtirish;
- sohani davlat tomonidan muvofiqlashtirish bilan bog‘liq munosabatlari aks etgan.
Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan mamlakatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda sug‘urtalash tizimi joriy etilib, mahsulot yetishtiruvchilarga qulay shart-sharoitlarni yaratishga imkon beradigan sug‘urta majburiyatlarini bajarish bo‘yicha tegishli huquqiy munosabatlar tartibga solinadi, deyiladi quyi palata xabarida.
Foto: Qonunchilik palatasi axborot xizmati
“Jamg‘arma 37 ta sug‘urta kompaniyasi bilan ishlaydi. Bunda tovon pullari jamg‘armadan qoplab beriladi, agar idorada pul yetishmasa, zarar davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Loyihada 2 yil ichida jamg‘arma pullarini ham xalqaro sug‘urta tashkilotlari orqali qayta sug‘urtalash masalalari ko‘rib chiqilmoqda”, — deya ta’kidladi ma’ruzachi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov.
Xalq demokratik partiyasi a’zosi Anvarxon Temirov vazirning ma’ruzasidan so‘ng unga bir qancha savollar berdi. Deputat, jumladan, sug‘urta majburiy tartibda amalga oshirilishi yoki yo‘qligi haqida savol bergan. Shuningdek, u mablag‘lar budjetdan qoplangan taqdirda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish uchun qanday choralar ko‘rilganini so‘radi.
“Tizim ishga tushirilishidan oldin turli risklar chuqur o‘rganib chiqilishi kerak. Biz bu borada birinchi katta qadamni tashlaganmiz, ya’ni tizim raqamlashtirilgan. Platforma aloqador vazirliklar bilan ham integratsiya qilinadi. Ikkinchidan, jamg‘armada zararni o‘rganish uchun mustaqil ekspertlar jamoasi faoliyat yuritadi”, — deya javob berdi vazir.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlariga xavf-xatarlar tufayli zarar yetgan hollarda zararning o‘rnini qoplash hamda qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklari sug‘urtasini amalga oshirishning huquqiy asosi yaratiladi. Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.