Birlashgan Arab Amirliklari Isroil va AQSh bilan Isroil qo‘shinlari olib chiqib ketilgandan so‘ng G‘azo sektorini vaqtinchalik boshqarishda ishtirok etish bo‘yicha maxfiy muzokaralar olib bormoqda, deb xabar bermoqda Reuters diplomatlar va rasmiylarga tayanib.

“Parda ortidagi munozaralar… Isroil qo‘shinlari olib chiqib ketilgandan keyin va G‘azo sektorini boshqarish, xavfsizlik va rekonstruksiya qilish ustidan BAA va AQSh, shuningdek, boshqa davlatlar tomonidan vaqtinchalik nazorat o‘rnatish imkoniyatini o‘z ichiga olgan. Falastin ma’muriyati nazoratni o‘z qo‘liga olishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

BAA xavfsizlik bo‘yicha AQSh bilan yaqindan hamkorlik qiladi va aksariyat arab hukumatlaridan farqli o‘laroq, Isroil bilan diplomatik aloqalarni davom ettiradi. Agentlik suhbatdoshlarining fikricha, bu amirliklarga Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hukumati ustidan ma’lum ustunlik beradi.

Bir yildan ortiq davom etgan urushdan so‘ng, Isroil hali ham G‘azoning kelajagi bo‘yicha “o‘z qarashlarini ishlab chiqishni istamayapti”, bu vaqtda xalqaro hamjamiyat “hayotiy rejani ishlab chiqish” uchun kurashmoqda, dedi Reuters manbalari.

Abu Dabi Falastin ma’muriyatini mustaqil Falastin davlati doirasida G‘azo, G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusni boshqarishi uchun isloh qilish tarafdori, dedi agentlik suhbatdoshlari. Isroil, o‘z navbatida, Falastin davlati tuzilishiga ochiqchasiga qarshi.

Reuters manbalarining da’vo qilishicha, BAA Falastin hukumati tizimini isloh qilish, uning huquq va vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, Falastin davlatini yaratish bo‘yicha yo‘l xaritasi mavjud bo‘lmagan har qanday rejada ishtirok etishdan bosh tortmoqda.

Falastin ma’muriyati 1990-yillarda falastinliklar va isroilliklar o‘rtasidagi kelishuv doirasida tuzilgan. U Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy sohil va G‘azo ustidan cheklangan hokimiyatga ega bo‘lgan, biroq 2007-yilda HAMAS kuchayishi va qisqa muddatli fuqarolar urushi ortidan ikkinchisi ustidan nazoratni yo‘qotgan.