Toshkentning Yakkasaroy tumani hokimligi 2024-yilning 14-sentabr kuni Shota Rustaveli va Bobur ko‘chalari kesishmasidagi Pushkin xiyobonini rekonstruksiya qilish loyihasi taqdimotini o‘tkazgan edi. Bu yerda suvli zonalar va attraksionlar sonini ko‘paytirish, soyabon (naves) o‘rnatish, hojatxonani rekonstruksiya qilish va kam harakatlanuvchi (mobilligi cheklangan) tashrif buyuruvchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida maydon sathini bir xilda tekislashtirish rejalashtirilgan edi. Loyiha Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab markazga cho‘zilgan gastronomik ko‘chaning bir qismi bo‘lishi kutilyapti. Loyihachi va pudratchi sifatida Dizayn fabrikasi va KOÇ Construction mekanik elektrik kompaniyalari tanlangan.
Pushkin xiyobonini rekonstruksiya qilish loyihasi.
Qurilish ishlari boshlanib, xiyobon hududi baland to‘siq bilan o‘rab olingandan so‘ng, Yakkasaroy tumani aholisi shubhaga tusha boshlagandi. Xususan, ko‘zdan pana qilingan qurilish maydonida dov-daraxt yo‘q qilinayotgan bo‘lishi mumkinligi borasida xavotirlar bor.
“Gazeta.uz” muxbiri Dilyaver Ablyakimov rekonstruksiya ishlarining borishi bilan tanishdi.
Yo‘laklar yo‘nalishi.
Pudratchi tashkilot — Turkiyaning KOÇ Construction qurilish kompaniyasi vakili Bahri Saka sentabrdagi taqdimotda yodgorlik, asosiy favvora va 2,5 gektar maydondagi barcha daraxtlar o‘z o‘rnida qolishini ta’kidlagan edi. Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova ham maydondagi daraxtlarning saqlab qolinishini ma’lum qilgan. Asosiy favvora va yodgorlik hozircha butun va ularga zarar yetmagan.
KOÇ Construction vakilining so‘zlariga ko‘ra, qurilish jarayonida birorta ham daraxt kesilmagan. Aksincha, rekonstruksiya ishlari yakunlangach, maydonga yana 50 ga yaqin yangi ko‘chatlar o‘tqaziladi. Shunga qaramay, “Gazeta.uz” muxbirining kuzatuvlariga ko‘ra, maxsus texnikalar ish olib borishi natijasida ba’zi daraxtlarga qisman zarar yetgan.
Ishchilarning qayd etishlaricha, xiyobonda sug‘orish tizimi yangilanmoqda, piyodalar yo‘laklariga bruschatka yotqizilmoqda. Asosiy favvoradan yodgorlikkacha suv kanali o‘tkaziladi.
Kanal o‘zani.
Yo‘laklar qolipi.
Aholi xiyobondagi yosh nihollarning yo‘q qilinishidan xavotirda edi.
Pushkinning “Ruslan va Lyudmila” dostonidagi olim mushukning haykali vaqtincha olib tashlangan. KOÇ Construction ishchisining so‘zlariga ko‘ra, u qurilish ishlari tugagandan so‘ng qayta o‘rnatiladi. Maydonning ochilishi 2025-yil mart oyida bo‘lishi kutilmoqda, deydi mutaxassis.
Rekonstruksiya rejasi
“Pushkin xiyoboni 24/7 tartibida ishlaydigan sayyohlik ko‘chasining boshlanishi — asosiy markazi bo‘ladi. Shota Rustaveli ko‘chasining gastronomik qismidagi xizmat ko‘rsatish obyektlari kecha-yu kunduz ishlaydi. Bu yerda 1,6 km uzunlikdagi veloyo‘lak, 40 ta zamonaviy skameyka va 10 ta joyda, xususan, yerosti o‘tish joylarida ham panduslar bo‘ladi (yerosti o‘tish joylari ham rekonstruksiya qilinadi). 1,5 km masofada yashil maydon barpo etiladi, 6 ta avtobus bekati to‘liq rekonstruksiya qilinadi. Hojatxonalar va Wi-fi zonalari ham tashkil etiladi”, — degandi Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova 2024-yil sentabridagi taqdimotda.