Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy xalqaro zaxiralari 1-yanvar holatiga ko‘ra 41 mlrd 181,6 mln dollarni tashkil etdi.
“O‘zbekiston Respublikasi yalpi xalqaro zaxiralari 2024-yilning dekabr oyida 290 mln dollarga kamaydi. Xususan, oy davomida oltin narxining 2664,30 dollardan 2610,85 dollargacha kamayishining ta’siri -656 mln dollarni tashkil etdi”, — deya qayd etgan Markaziy bank.
Yillik hisobda zaxiralar qiymati 6,6 mlrd dollarga oshdi (2024-yil 1-yanvarda 34 mlrd 564,6 mln dollar edi).
Xorijiy valyutadagi zaxiralar dekabr oyida 8 mlrd 183,7 mln dollardan 8 mlrd 597,7 mln dollargacha (+414 mln dollar) ko‘paydi. Lekin 2024-yil davomida ular 771,8 mln dollarga kamaygan.
Zaxiradagi oltinning sof hajmi dekabr oyida o‘zgarishsiz qolgan (12,3 mln troy unsiya yoki 382,56 tonna), yillik hisobda esa 0,4 mln troy unsiyaga yoki 12,44 tonnaga kamaygan.
Zaxiradagi oltinning qiymati 2024-yil boshidan buyon 7 mlrd 404,5 mln dollarga ko‘paygan (yil boshidagi 24 mlrd 632,2 mln dollardan yil yakunidagi 32 mlrd 36,7 mln dollargacha).
Lekin dekabr oyida ko‘rsatkich 32 mlrd 741,1 mln dollardan 32 mlrd 36,7 mln dollargacha kamaygan.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil davomida oltin narxi 2042 dollardan 2609 dollargacha ko‘tarildi. O‘zbekiston Markaziy banki noyabr oyida 9 tonna oltin sotib oldi va ushbu qimmatbaho metallni eng ko‘p xarid qilgan ikkinchi davlat bo‘ldi.