Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining qarori bilan 1-fevraldan issiqlik korxonalarining issiq suv va isitish xizmatlari tariflari o‘zgaradi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi.
Qayd etilishicha, hujjat bilan viloyat “Issiqlik manbai” ishlab chiqarish boshqarmasi, “Angren issiqlik energiyasi” DUK, Chirchiq “Issiqlik energiyasi” ICHK, “Olmaliq issiqlik manbai” MCHJning iste’mochilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar narxi o‘zgarmoqda.
Xususan, “Issiqlik manbai” aholiga issiqlik va issiq suv ta’minoti xizmatlari uchun 93 464 so‘m/Gkal (QQS bilan) narxni taklif etmoqda. Hozirda u 81 ming 312 so‘mni tashkil etadi. Yuridik shaxslar uchun esa bir Gkal uchun 140 212,8 so‘mdan 560 ming so‘mga ko‘tariladi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning sentabr oyida xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi tomonidan aholi va yuridik shaxslar uchun issiqlik va issiq suv ta’minoti xizmatlari tariflarining 15 foizga oshirilishi ma’qullangandi.
Dekabr oyida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Issiqlik ta’minoti tizimlaridan foydalanish va rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Ilhom To‘rayev isitish va issiq suv ta’minoti tariflari 2025-yil davomida 15 foizdan ikki marta oshirilishi mumkinligini aytgandi.
“Gap [zararlarni] qoplash uchun davlat subsidiyalariga borib taqaladi, issiqlik ta’minotida davlat subsidiyalarining ulushi juda katta. Shu munosabat bilan biz tizimni yangilash va yaxshi sharoit yaratish uchun narxlarni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak va buning uchun mablag‘ kerak”, — degan u.