Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen AQSh Daniyaning avtonom hududi bo‘lgan Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish uchun harbiy yoki iqtisodiy kuch ishlatishi mumkinligiga shubha bildirdi.
“Biz shu darajagacha yetib boramiz, deb o‘ylash uchun menda yetarlicha tasavvur yo‘q”, — dedi bosh vazir Daniyaning TV 2 telekanaliga bergan intervyusida.
Daniya hukumati rahbari AQSh bilan savdo urushini xohlamasligini ta’kidladi. “Menimcha, biz bir-birimiz bilan muloqot qilishda davom etishimiz va buni to‘g‘ri bajarishimiz kerak”, — dedi u.
AQShning Grenlandiyaga qiziqishi ortib borayotgani yaxshi, lekin bu orol aholisini hurmat qilish bilan amalga oshirilishi kerak, dedi u.
Bir kun avval AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Grenlandiya va Panama kanali AQSh nazorati ostiga o‘tishi kerakligini aytib, buning uchun harbiy kuch qo‘llanishini istisno etmagandi. Uning fikricha, AQSh milliy xavfsizligi uchun Grenlandiya kerak, Daniya esa undan voz kechishi lozim. O‘sha kuni siyosatchining to‘ng‘ich o‘g‘li kichik Donald Tramp shaxsiy tashrif bilan orolga bordi.
Trampning so‘zlariga Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede ham javob qaytardi. “Grenlandiya Grenlandiya xalqiga tegishli. Kelajagimiz, mustaqillik uchun kurash — bizning ishimiz. Boshqalar, jumladan, daniyaliklar va amerikaliklar ham o‘z fikriga ega bo‘lishga haqli bo‘lsa-da, biz isteriya va tashqi bosimga berilmasligimiz kerak… Kelajak bizniki va uni biz shakllantirishimiz kerak”, — dedi u.
7-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani chog‘ida Tramp Kanadani qo‘shib olish uchun “iqtisodiy kuch”dan foydalanishga tayyor ekanini ham ta’kidladi. “Kanada va AQSh — haqiqatan ham bundan nimadir chiqardi. Siz bu sun’iy chizilgan chegaradan xalos bo‘lasiz va bu qanday ko‘rinishini kuzatasiz… Lekin biz ularni himoya qilish uchun yiliga yuzlab milliardlab mablag‘ sarflaymiz. Savdo taqchilligi tufayli biz yo‘qotyapmiz… Ular [AQSh] shtatiga aylanishi kerak”, — dedi Tramp.
Ertasi kuni Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Kanada AQSh tarkibiga kiruvchi ikkita xaritani e’lon qildi.
Bir necha kun oldin iste’foga chiqishini ma’lum qilgan Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo Trampning g‘oyasini rad etdi. “Kanada AQSh tarkibiga kirishiga hech qanday imkoniyat yo‘q”, — deb yozdi Tryudo X ijtimoiy tarmog‘ida.
Bunga javoban biznesmen va Tramp ma’muriyatidagi yangi bo‘limni boshqaradigan ittifoqchisi Ilon Mask shunday yozdi: “Qizcha, sen endi Kanada gubernatori emassan, shuning uchun nima deyishingning ahamiyati yo‘q”.
Oktabr oyidagi saylovlardan so‘ng mamlakat bosh vaziri lavozimiga nomzod bo‘lgan Kanada Konservativ partiyasi rahbari Per Pualevr ham Trampga javob qaytardi. “Kanada hech qachon 51-shtat bo‘lmaydi. Nuqta. Biz buyuk va mustaqil davlatmiz”, — dedi u. Siyosatchining qo‘shimcha qilishicha, u hukumat rahbarligiga kelgach “Kanada va AQSh xavfsizligini ta’minlash” maqsadida armiyani tiklaydi va chegara nazoratini qo‘lga oladi.