Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 7-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisda O‘zbekistonda elektron sigaretalar muomalasini taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Taqiq uchun asos
Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov elektron sigaretaning zarari haqida ma’ruza qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, elektron sigaretalarda nikotindan tashqari 80 ga yaqin kanserogen, zaharli kimyoviy birikmalar va og‘ir metallar mavjud bo‘lib, ular inson salomatligi va atrof-muhitga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Xususan, nikotinga qaramlik kuchayib, bolalar va o‘smirlarda miya shakllanishi buzilishiga, intellektning pasayishiga, qobiliyat va ko‘nikmalarning yomonlashishiga, tajovuzkorlikning rivojlanishiga, astma, bronxit, pnevmoniya, markaziy asab tizimi, buyrak va jigar faoliyatining buzilishiga, insult, infarkt va boshqa kasalliklarning rivojlanishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
Sog‘liqni saqlash vaziri DNK tuzilmasining shikastlanishi, ayollarda reproduktiv qobiliyatning pasayishi, shuningdek, homiladorlikda tug‘ma kasalliklar va bolalar o‘limi bilan bog‘liq mutagen ta’sirga e’tibor qaratdi.
“Asosiy savol tug‘iladi: axir odamlar oddiy sigaretalarni ham chekishadi, bu keng tarqalgan usul. Statistika bilan o‘rtoqlashaman. Nima uchun biz tarkibida nikotin va sun’iy xushbo‘y moddalar bo‘lgan elektron sigaretalarni taqiqlash tashabbusi bilan chiqyapmiz? Kuzatishlarga qaraganda, oddiy sigaretalarni katta yoshdagi odamlar chekadi. O‘zbekiston bozoriga jozibador ta’sirga ega xushbo‘y sigareta ishlab chiqaruvchilar kirib kelganidan so‘ng yoshlar, ayniqsa, o‘quvchilar va afsuski, qizlar o‘rtasida tahdid paydo bo‘ldi va ularni iste’mol qilish keskin oshdi”, — dedi Asilbek Xudayarov.
2023-yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mamlakatlarni elektron sigaretalar tarqalishini nazorat qilish uchun “tezkor choralar” ko‘rishga, shu jumladan xushbo‘y veyplarni taqiqlashga chaqirgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 37 mamlakatda, jumladan Argentina, Braziliya, Shimoliy Koreya, Hindiston, Eron, Iroq, Norvegiya, Singapur, Turkiya, Turkmanistonda elektron sigaretalar muomalasi taqiqlangan. Qozog‘istonda ham elektron sigaretalar muomalasini taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Buyuk Britaniya 1-iyundan boshlab bir martalik veyplarni sotishni taqiqlaydi.
Asilbek Xudayarov bu sohada zudlik bilan zarur choralar ko‘rilmasa, mahsulotni iste’mol qiladigan yoshlar katta bo‘lgandan keyin oddiy sigaretalardan uch barobar ko‘p chekishni boshlashi mumkinligini aytdi.
Loyihaga tuzatishlar
Hozirda “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunning 37-moddasiga asosan chekilmaydigan tamaki mahsulotlarini, shu jumladan, tarkibida nikotin mavjud bo‘lgan chekilmaydigan mahsulotlarni, tarkibida mahsulotning jozibadorligini oshirishga qaratilgan moddalar yoki nikotinga qaramlikni oshiradigan qo‘shimchalar mavjud bo‘lgan nikotinli va nikotinsiz suyuqliklarni, nikotinli va nikotinsiz suyuqliklari bo‘lgan tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarini, shuningdek elektron sigaretalarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish (shu jumladan xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali olib kirish) hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilish taqiqlanadi.
Qonun loyihasi bilan nikotin yetkazish qurilmalari (veyplar), shu jumladan, elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklar muomalasini, xususan, ularni ishlab chiqarish, saqlash, tashish, sotish, shuningdek, O‘zbekiston hududiga olib kirish va olib chiqishni taqiqlash taklif etilmoqda.
Hujjat bilan ushbu sohadagi javobgarlik ham belgilanmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksining 186−1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning (etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) moddalarini tamakini isitish tizimi bilan to‘ldirish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, chekilmaydigan tamaki mahsulotlari va nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari, shu jumladan, elektron sigaretalarni noqonuniy muomalaga kiritganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlikni joriy etish taklif etilmoqda.
Shu bilan birga, huquqbuzar o‘z aybiga ixtiyoriy ravishda iqror bo‘lib, huquq-tartibot organlarini xabardor qilgan taqdirda, uni javobgarlikdan ozod qilish taklif qilinmoqda.
Sog‘liqni saqlash vaziri 6-yanvar kuni partiyalar fraksiyalari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda loyiha faol muhokama qilingani va qonunni ikkinchi o‘qishga qadar maromiga yetkazish uchun asos bo‘ladigan turli tuzatishlar taklif qilinganini ta’kidladi.
Uning ta’kidlashicha, gap ikki turdagi elektron sigaretalarni taqiqlash haqida ketmoqda:
“Biz kichik tadqiqot o‘tkazdik. Xodimlarimiz bir nechta [elektron sigaretalar] namunalarini sotib olishdi, biz ularni taqqosladik. Elektron sigareta iste’molchilarining aksariyati „o‘zini hurmat qiladi“ va qimmatroq tamaki mahsulotlarini chekish uchun elektron tizimlarni sotib olish imkoniyatiga ega. Birinchi bosqichda biz ularni taqiqlamaymiz, cheklamaymiz. Bu yerda gap tarkibida ma’lum miqdorda nikotin yoki shubhali kimyoviy moddalar bo‘lgan xushbo‘ylashtirilgan sigaretalar, ya’ni yoshlar orasida keng tarqalgan sun’iy elektron sigaretalar haqida ketmoqda”, — dedi u.
Deputatlarning savollari
O‘zLiDeP partiyasidan saylangan deputat Bobur Bekmurodov oddiy tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish, shuningdek, yashirin bozor ulushi bo‘yicha ishlar qanday ketayotganini so‘radi. U taqiq yashirin iqtisodiyotning o‘sishiga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirdi, chunki elektron sigaretalarga talab o‘sishda davom etmoqda va ko‘plab sotuvchilar rasmiy ro‘yxatdan o‘tmoqda va soliqlarni to‘lamoqda.
Sog‘liqni saqlash vaziri O‘zbekistonda nafaqat tamaki mahsulotlari, balki boshqa tovarlar, jumladan, dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlari kontrabandasiga qarshi kurash olib borilayotganini ta’kidladi.
Uning aytishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti elektron sigaretalarga qarshi kurash bo‘yicha ikkita tavsiya bergan. Birinchisi, tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish darajasi past bo‘lgan mamlakatlar uchun to‘liq taqiq. Ikkinchisi, tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda sohani tartibga solish, ular qatoriga O‘zbekiston ham kiradi, dedi vazir.
Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 6,6 foizi tamaki mahsulotlarini iste’mol qiladi, shu jumladan erkaklar orasida bu ko‘rsatkich 13,2 foiz, ayollar orasida esa 0,4 foizni tashkil qiladi.
“Taqiq joriy etilgach, qonun nuqtayi nazaridan bizda qo‘llar bo‘sh bo‘ladi. Agar tuzatishlar kiritiladigan bo‘lsa, biz birinchi navbatda ta’lim muassasalari va jamoat joylarida ishlaymiz. Bunga qarshi kurashish nafaqat huquqni muhofaza qilish organlarining vazifasi, balki har bir kishining fuqarolik pozitsiyasidir”, — deya javob berdi Xudayarov.
“Adolat” partiyasidan saylangan deputat Behzod To‘xtamurodov elektron sigaretalar va chekilmaydigan tamaki mahsulotlari (veyp va snyuslar) ayniqsa yoshlar orasida mashhurligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 40-moddasi muntazam ravishda buzib kelinmoqda, ya’ni tamaki mahsulotlari va tamaki hamda nikotin iste’mol qilish moslamalarini bepul tarqatish va ularga chegirmalar qo‘llash, rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazish orqali sotish avj olmoqda.
Deputat taqiqdan qanday natijalar kutilayotgani haqida savol berib, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirishga chaqirdi.
Vazir O‘zbekiston tibbiyotini transformatsiya qilish uchun jalb qilingan xorijiy ekspertlar nafaqat kattalar, balki bolalar o‘rtasida ham sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni tavsiya qilganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sog‘lom turmush tarziga oid ma’rifiy ishlarni maktab dasturiga kiritish bo‘yicha hujjat loyihasi tayyorlanmoqda. “Bolalar, asosan, bir-birlariga taqlid qilib, zamonaviy ko‘rinishga intilib, elektron sigareta chekishni boshlaydi”, — deya tushuntirdi vazir.
Xalq demokratik partiyasi a’zosi Zokirjon Zohidov O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijlik sayyohlarga ham taqiq qo‘llanilishi yoki qo‘llanilmasligi haqida so‘radi. U qat’iy sanksiyalar mamlakatning sayyohlik jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
“Juda dolzarb masala. Boshqa mamlakatga kelganimizda, a eroportda bizga mahalliy qonunlarni tushuntirishadi va biz ularga rioya qilishimiz kerak. Bu taqiq xorijiy sayyohlarga ham taalluqli. Bojxonada ularga elektron sigaretalarni mamlakat hududiga olib kirish taqiqlanganligi tushuntiriladi, ya’ni ular olib qo‘yiladi”, — deya javob berdi vazir.
Asilbek Xudayarov tamaki mahsulotlari bilan bog‘liq qoidabuzarliklar uchun jarimalar yuqori ekanini tasdiqladi va buning sababini tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiya miqdori qoidabuzarlikning og‘irligiga qarab oshiriladi. Masalan, oddiy sigaretlarni aksiz markasiz sotganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima solinadi.
“Biz elektron sigaretalar uchun yanada qattiqroq jazo kiritishga qaror qildik, jarimalarni yuqoriroq taklif qildik”, — dedi u.
Vazir O‘zbekistonda hozircha oddiy sigaretalar muomalasini taqiqlash rejalashtirilmayotganini aytdi.
Barcha partiyalar qonun loyihasini konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatladi, ammo ikkinchi o‘qishdan oldin mavjud kamchiliklarni bartaraf etish zarurligini ta’kidladi.
“Birinchidan, aroq yoki tabiiy tamaki insonga zarar, lekin bu zararni ma’lum bir bosqichgacha davolash mumkin. Sun’iy tamakidagi murakkab kimyoviy elementlar inson tanasidan chiqib ketmaydi, DNKni buzadi, intellektual o‘sishni keskin zaiflatadi va reproduktiv salomatlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatadi”, — deb yozdi “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov o‘zining Telegram kanalida.
“Alkogol va tabiiy tamaki, asosan, o‘z tanlovini qilgan kattalar tomonidan iste’mol qilinadi. Biroq elektron sigaretalar maktab o‘quvchilari va 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar orasida keng tarqalgan. Iste’molchilarning uchdan ikki qismi yoshlar, ularning yarmi qizlardir. Yoshlar va xalqimiz bu ofatning halokatli oqibatlaridan qochib qutula olmaydi. Agar biz buni hozir to‘xtatmasak, 20 yildan keyin hech qanday qonun yoki davlat dasturlari aqli zaif aholining katta qatlamiga yordam bera olmaydi”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, gap “milliy genofond va sog‘lom kelajak” masalasi ustida bormoqda. Partiya o‘tgan chaqiriqda ushbu qonun loyihasini o‘tkazishga harakat qilgan, ammo “lobbichilar” tufayli buni amalga oshira olmagan.
“Bu qonunning lobbistlari hali ham bo‘ladi, biz buni o‘tgan yig‘ilishda ko‘rdik. Yana sezilarli bosim bo‘ladi”, — dedi u va deputatlarni hujjatni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Qonun loyihasini qabul qilish uchun 133 nafar deputat birinchi o‘qishda ovoz berdi, 3 nafari qarshi chiqdi, 1 nafari betaraf qoldi, 2 nafari ovoz bermadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘tgan yili bir qator tamaki va nikotin mahsulotlari, elektron sigaretalar va tamaki isitish tizimlarining aylanishini taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qilish uchun e’lon qilgandi.
O‘shanda Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi yillarda mamlakatga “nikotin va tamaki mahsulotlarining „zamonaviy“ yoki „innovatsion“ turlari kirib kelganini, buning natijasida aholi va yoshlar, ayniqsa bolalar orasida ularning iste’mol qilinishi ko‘payganini” ta’kidlagandi.
2021−2023-yillarda mamlakatga qiymati 28,5 mln dollarlik 5,4 mln dona elektron sigaretalar import qilingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga (2018−2020-yillarda 349 ming dollarlik 182 ming dona elektron sigaretalar import qilingan) nisbatan keskin ravishda — 80 baravarga oshgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tahlillariga ko‘ra, o‘smirlar va yoshlar elektron sigaretalarni kattalarga nisbatan 3 barobar ko‘p iste’mol qiladi. 18−29 yoshdagi aholi orasida tamaki isitish tizimlaridan foydalanish darajasi 30−69 yoshdagilarga nisbatan 2,5 baravar yuqori.