Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida 4-yanvar kuni ekologiya davlat inspektorlariga xizmat vaqtida noma’lum shaxslar tomonidan bezorilik harakatlari sodir etildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar qildi.
Tumanning Samarqand mahallasi hududida tuman ekologiya bo‘limi boshlig‘i A.N. hamda bosh mutaxassis A.J. navbatdagi nazorat reyd tadbirlarini olib borayotgan bo‘lgan. Shu vaqtda 4 nafar noma’lum shaxs “Jiguli” mashinasida ularning yo‘lini to‘sib, xizmat faoliyatiga to‘sqinlik qilgan.
Xodimlar o‘zlarini tanishtirish maqsadida xizmat guvohnomalarini taqdim etgan vaqtda huquqbuzarlar ularga tashlanib, turli tan jarohatlari yetkazgan va kiyimlarini yaroqsiz holatga keltirgan.
Inspektorlarga Yangiyo‘l tumani markaziy shifoxonasida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi. Ularning ahvoli o‘rtacha darajada deya baholanmoqda.
Hozirda ushbu holat tuman IIB tomonidan o‘rganilmoqda.