O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Fransiyaning “Lans” klubi futbolchisi Abduqodir Husanov qishda jamoasini o‘zgartirishni rejalashtirmoqda. Unga Yevropaning bir qator top klublari qiziqish bildirmoqda.

20 yoshli markaziy himoyachining ketishini klub sport direktori Per Dreossi ham tasdiqladi.

Dekabr oyida o‘zbekistonlik futbolchiga Fransiyaning “PSJ”, Angliyaning “Tottenhem” va “Nyukasl” klublari qiziqish bildirgandi. Yanvarga kelib ularning safiga “Real Madrid” va “Manchester Siti” qo‘shildi. Shuningdek, o‘yinchiga “Bayer”, “Napoli”, “Yuventus” va Dortmundning “Borussiya” klublari ham qiziqayotgani haqida xabarlar mavjud.

Hamid Sahari karikaturasi.Hamid Sahari karikaturasi.

Jurnalist Fabritsio Romanoning yozishicha, Abduqodir Husanov qishki transferlar oynasida “Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiolaning himoyani kuchaytirishdagi asosiy maqsadiga aylangan. Futbolchining “shaharliklar”ga o‘tishi bo‘yicha muzokaralar hal qiluvchi bosqichda.

Futbolchining otasi Hikmatjon Hoshimov, agent G‘ayrat Hasbullin va Angliya chempioni vakillari birinchi uchrashuvni o‘tkazgan.

Futbol insayderi Devid Ornshteynning xabar berishicha, “Lans” futbolchi uchun 40 million yevro olmoqchi. Transfermarktda uning narxi 12 million yevroga baholangan.

Nega “Manchester Siti” Husanovga qiziqmoqda?

абдuқодир ҳuсанов, ланс, манчестер сити, фuтбол

“Manchester Siti” kuchli himoyaga ega jamoa, ammo bu mavsumda himoya ularning zaif nuqtasiga aylandi. Klub 20 ta uchrashuvda 27 ta gol o‘tkazib yubordi, bu — so‘nggi yillardagi eng yomon ko‘rsatkich. Qolaversa, yoshi o‘tib borayotgan asosiy himoyachilarning jarohati bilan bog‘liq muammolar “Siti”ni yosh iste’dodlarni izlashga majbur qilmoqda.

Husanov tezligi, jismoniy kuchi va tajovuzkor o‘yini bilan e’tiborni tortdi, deb yozdi Goal.com. “Shaharliklar” rahbariyati uni istiqbolli xarid deb hisoblamoqda va transferlar oynasi yopilguniga qadar shartnomani yakunlashga umid qilmoqda.

Husanovning karerasi

Abduqodir Husanov “Bunyodkor” tarkibida, 2024-yil 5-mart. Foto: “Bunyodkor”.Abduqodir Husanov “Bunyodkor” tarkibida, 2024-yil 5-mart. Foto: “Bunyodkor”.

Husanov faoliyatini O‘zbekistonning “Bunyodkor” klubi akademiyasida boshlagan, biroq, murabbiylarning fikricha, u juda “kichik va kuchsiz” bo‘lgan. 2022-yilda u Belarusning “Energetik-BGU” klubiga o‘tgan va u yerda tezda asosiy o‘yinchiga aylangan.

2023-yilda Husanov O‘zbekiston terma jamoasi bilan turnir davomida faqat bitta gol o‘tkazib yuborib yoshlar o‘rtasidagi (U-20) Osiyo kubogida g‘olib chiqqan. U dunyoning eng istiqbolli himoyachilari ro‘yxatiga kiritilgan. Keyinchalik u asosiy terma jamoa a’zosiga aylandi.

O‘sha yili “Lans” Husanovni ramziy 100 ming yevro evaziga jamoasiga qo‘shib oldi . Debyut mavsumida u Liga 1 da 11 o‘yin o‘tkazdi, Chempionlar ligasida ikki marta, jumladan, “Arsenal”ga qarshi o‘yinda maydonga tushdi.

Fransuzlarning asosiy markaziy himoyachisi Kevin Dansoning sog‘lig‘idagi muammolar tufayli Husanov “Lans”ning asosiy o‘yinchisiga aylandi. Uning ishonchli o‘yinlari jamoaga Liga 1 dagi eng yaxshi himoyalardan biri bo‘lishga yordam berdi (16 o‘yinda klub 15 ta gol o‘tkazib yubordi, faqat PSJda kamroq — 14 ta).

Husanov kurashuvchanligi va kuchliligi, shuningdek, vazni va bo‘yi (85 kg va 186 sm) hisobga olinsa, tezligi bilan ajralib turadi. Uning 37 km/soat tezlikka erishgan epizodlardan biri ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

“Kapitan Fint” Telegram kanali o‘zbekistonlikning harakatlari bo‘yicha statistik ma’lumotlarni taqdim etdi.

“Pas nuqtai nazardan, dahshat. Hajmi va aniqligi kam, xilma-xillik ham oqsamoqda va oldinga uzatmalar yetarli emas. Dunyodagi eng yaxshi markaziy himoyachilarning top 23 foizida birorta bunday statistika yo‘q. Va bu 1450 daqiqalik hisobda. Himoya nuqtai nazaridan, yomon emas. To‘pni olib qo‘yish bo‘yicha Yevropadagi eng yaxshisi (har o‘yinda o‘rtacha 2,34 ta), muvaffaqiyatli tashlanishlar, tozalashlar va bloklar bo‘yicha top 15 foizlikda — o‘rtacha. U yaxshi o‘ynaydi va bosim ostida to‘pni o‘zida saqlab qola oladi, ammo havodagi kurashlarda u favvora emas (top 20−25 foiz)”, — deya kanal o‘zbekistonlik futbolchining o‘yinini tahlil qildi.

Championat.Asia sport nashri bosh muharriri Narzulla Saydullayevning aytishicha, Husanov 8-yanvar kuni “Lans” mashg‘ulotlarida qatnashgan, agenti esa O‘zbekistonda.

“Husanov yangi klubga o‘tishi uchun ikkalasi o‘sha mamlakatga borishi kerak bo‘ladi. Shunday ekan, bugun yoki ertaga qaysidir kanal: „Shok xabar! Rasman: Husanov falon klubga o‘tdi“, deb yozsa, ishonmay turing”, — deya ogohlantirdi u. Futbolchining “Lans” bilan shartnomasi 2027-yilgacha mo‘ljallangan.

Husanovning harakatlari to‘plami