Jamoatchilik muhokamasi uchun “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yilida (2025-yil) davlat dasturini amalga oshirish to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasi e’lon qilindi.
Hujjatda keng jamoatchilik, xalqaro va mahalliy ekofaollar, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, shuningdek, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining takliflarini inobatga olgan holda bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif etilgan.
Hujjatda 2025-yil yakuniga qadar “Yevro-4” ekologik toifasidan past bo‘lgan motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash uchun “barcha kuch va resurslarni safarbar qilish” taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, butun respublika bo‘ylab issiqlik va elektr energetika korxonalarida mazutdan yoqilg‘i sifatida foydalanishni taqiqlash belgilangan, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan avariya holatlari bundan mustasno.
2025-yil 1-maydan boshlab Toshkent va Nukus shaharlarida, shuningdek viloyat markazlarida quyidagi yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirishni taqiqlash taklif etilmoqda:
- asbest, sement, shlam va shlak ishlab chiqarish;
- ko‘nchilik va parrandachilik fabrikalari;
- agar obyektlar yuqori samarali chang-gaz tozalash qurilmalari bilan jihozlanmagan bo‘lsa, har qanday turdagi ko‘mirni yoqish;
- qora va rangli metallurgiya zavodlari, zaharli komponentli shisha ishlab chiqarish, zaharli kimyoviy moddalar bilan ishlash;
- xavflilikning I va II sinflariga mansub chiqindilarni qayta ishlash va yoqish korxonalari.
2024-yil boshida Energetika vazirligi “Gazeta.uz”ga Ai-92 va undan yuqori markali benzin ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobiga 2026-yilgacha Ai-80 benzindan voz kechish rejalari haqida xabar bergan edi. Shu bilan birga, yuqori oktanli benzin markalariga aksiz solig‘ini pasaytirish taklif qilindi.
Keyinroq prezident bosh vazirga 2025-yildan boshlab Ai-80 (“Yevro-2” standarti) dan uzil-kesil voz kechish masalasini hal qilishni topshirdi.
Biroq sentabr oyidagi prezident qarorida 2028-yildan boshlab standart “Yevro-4”dan past bo‘lgan motor yoqilg‘isidan foydalanishni va sotishni bosqichma-bosqich cheklash haqida aytilgan edi. Xususan, buning uchun Ai-80 ishlab chiqaradigan Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari chuqur modernizatsiya qilinadi, shuningdek, “Yevro-2” va “Yevro-3” yoqilg‘isi importi taqiqlanadi.
“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ta’kidlashicha, modernizatsiya uchun vaqt talab etiladi.
“Buxoro neftni qayta ishlash zavodida „Yevro-4“ va undan yuqori benzinga o‘tish uchun vaqt kerak. 2024-yil yakuniga qadar loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Loyihani to‘liq yakunlash uchun 30−32 oy kerak bo‘ladi,” — deyiladi kompaniya xabarida.