Armaniston hukumati mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu qaror mamlakat hukumati tomonidan 9-yanvar, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qabul qilindi, deb xabar berdi RBK.

Endi qonun loyihasi mamlakat parlamentiga yuboriladi. Loyihani taqdim qilarkan, Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan “so‘nggi yillarda Armaniston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida yetarlicha intensiv va dinamik munosabatlar shakllanganini” aytdi.

Bunday munosabatlarga misol sifatida Mirzoyan Yevropa Ittifoqi tomonidan “Armanistonning siyosiy qo‘llab-quvvatlanishi”ni keltirdi. U Yevropa Ittifoqi mamlakatda fuqarolik kuzatuvchilari missiyasini joylashtirganini, Yevropa Ittifoqi esa Armanistonning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qilganini eslatdi. “Armaniston Yevropa Ittifoqiga iloji boricha yaqin bo‘lishga tayyor. Men viza liberallashtirishning boshlanishi va Yevropa Ittifoqi bilan qo‘llanilgan yoki muhokama qilinayotgan boshqa bir qator vositalarni nazarda tutyapman”, — dedi u.

Nikol Pashinyan yig‘ilishda Armanistonning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi to‘g‘risidagi qaror faqat umumxalq referendumi orqali qabul qilinishi mumkinligini aytdi, deb yozadi Interfaks. Bungacha Armaniston va YeI “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishi kerak, dedi mamlakat bosh vaziri.

Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni mustahkamlash istagi haqida Armaniston hukumati 2024-yil fevral oyidan beri gapirmoqda. O‘tgan yilning mart oyida Armaniston TIV rahbari mamlakatda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish imkoniyati faol muhokama qilinayotganini aytgandi. Iyul oyida Yevropa Ittifoqi Armaniston bilan vizasiz rejim bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyorligi ma’lum bo‘lgan.