2024-yilning dekabr oyini bulutli kunlari ko‘p bo‘lgan quruq va sovuq oy bo‘ldi deya ta’riflash mumkin, deb xabar berdi O‘zgidromet axborot xizmati.

Respublika hududining katta qismida dekabr oyining o‘rtacha oylik harorati o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 1−2,5 darajaga past bo‘ldi. Faqat respublikaning shimolida va cho‘l hududlarida harorat me’yorga yaqin bo‘ldi.

O‘zbekistonda sovuq dekabr oylari ham tez-tez kuzatilgan, deyiladi sharhda. asrda 2002, 2006, 2011, 2012, 2020 va 2022-yillarning dekabr oylari sovuq (me’yordan 2−4 darajaga past) bo‘lgan.

O‘zbekiston hududi bo‘yicha 2024-yil dekabr oyida bir qator sovuq havo massalari kirib kelishi kuzatildi. Sovuq havoning eng yuqori cho‘qqisida havo harorati kechalari 8−13 daraja sovuqqacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatining shimolida 15−17 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 0−5 daraja sovuqqacha pasaydi.

Infografika: O‘zgidrometInfografika: O‘zgidromet

Dekabr oyida bunday sovuqlar har yili ham kuzatilmaydi. To‘g‘ri, sovuq havo oqimlar kirib keladi, biroq ular ko‘pincha qisqa muddatli (1 kechadan 3 kechagacha) bo‘ladi, deyiladi O‘zgidromet xabarida.

2024-yilning dekabr oyida issiq va quyoshli kunlar soni juda kam — oyning o‘rtalarida va oxirida qisqa davrlarda kuzatildi. Bunday kunlarda maksimal havo harorati 12−17 daraja iliqqacha, eng chekka janubda 20 daraja iliqqacha ko‘tarildi. Respublika shimolida, hatto eng iliq kunlarda ham harorat 7−10 daraja iliqdan yuqori bo‘lmadi.

Toshkentda 2024-yilda dekabr oyining maksimal harorati 16,2 daraja iliqni tashkil etgan bo‘lib, asrdagi eng yuqori dekabr oyi harorati esa 2021-yilda 23,4 daraja iliq (barcha kuzatuv yillari uchun mutlaq maksimum 1915-yilda 27,3 daraja) kuzatilgan edi.

2024-yil dekabr oyi quruq bo‘ldi, deyiladi sharhda. Respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik dekabr oyi uchun oylik me’yordan 70 foizdan kam bo‘ldi. Tekislik hududlar bo‘yicha dekabr oyida yog‘ingarchilik yomg‘ir va qor ko‘rinishida kuzatildi.

Asosan qor shaklidagi eng jadal yog‘ingarchiliklar 15 va 20-dekabr kunlari kuzatildi. Qor yoqqandan so‘ng, tekislik hududlarda balandligi 2 sm dan 10 sm gacha, ba’zi joylarda 12−16 sm gacha bo‘lgan beqaror qor qoplami hosil bo‘lib, u bir necha kun saqlanib turgan.

Toshkent viloyati tog‘larida qor yoqqandan so‘ng qor qoplamining maksimal balandligi 30−60 sm ga, Qashqadaryo viloyatining tog‘li hududlarida va Qamchiq dovoni hududida 15−25 sm ga yetgan.

Dekabr oyi oxiriga kelib, faqat Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida ba’zi joylarda qor qoplami balandligi o‘rtacha ko‘p yillik ko‘rsatkichlarga nisbatan 70−100 foizga yetdi, boshqa tog‘li hududlarda me’yorning 30−60 foizni tashkil etdi.