2025-yildan boshlab mehnat samaradorligiga erishgan tibbiyot xodimlariga qo‘shimcha ustama to‘lanishi rejalashtirilmoqda. Bu jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida nazarda tutilgan.

Qayd etilishicha, buning uchun tibbiyot xodimlari mehnat samaradorligini baholash ko‘rsatkichlari ishlab chiqiladi va samaradorlikka erishgan xodimlarning oylik maoshlariga qo‘shimcha ustama joriy etiladi.

Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 26-noyabr kuni Qonunchilik palatasining majlisida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasi xodimlarining ish haqini oshirish to‘g‘risidagi savolga javob berarkan, shifokorlarni sertifikatlash, ularning malakasini baholash taklifini bergandi.

“Savol shundaki, agar biz barcha xodimlarning ish haqini 15 foizga, 40 foizga yoki 50 foizga oshirsak, bu kutilgan natijani beradimi? Zamon bilan hamnafas, yuqori malakali, o‘z ishini sidqidildan bajarayotgan tibbiyot xodimlarining oylik maoshini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Ochig‘ini aytsam, hozir bizda yechim yo‘q, aks holda buni aytgan bo‘lardik. Biz buning ustida ishlayapmiz. Men o‘z fikrimni tushuntirishga harakat qilaman. Asosiy muammo kimga va nima uchun yuqori maosh to‘lash kerakligini aniqlashdir. Bu borada Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz”, — degan Jamshid Qo‘chqorov.

Yanvar-sentabr oylari yakunlariga ko‘ra (1-oktabrdan ish haqining oshishi hisobga olinmagan) O‘zbekistonda o‘rtacha nominal ish haqi 5,1 million so‘mdan oshgan. O‘sish sur’ati 18,5 foizdan 16,4 foizgacha sekinlashdi.

Eng past o‘rtacha oylik ish haqi hamon sog‘liqni saqlash sohasida — 2,92 mln so‘mdan 3,3 mln so‘mgacha (o‘tgan yildagi 16,4 foizga nisbatan 12,9 foizga o‘sish) va ta’lim sohasida — 3,05 mln so‘mdan 3,48 million so‘mgacha (17 foizga nisbatan 14,3 foiz o‘sish) qolmoqda. O‘qituvchi va shifokorlar ish haqining o‘sish sur’ati ham biroz sekinlashdi, natijada bu sohalardagi ish haqi bilan respublika darajasidagi ish haqi o‘rtasidagi farq oshdi.

Dekabr oxirida Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda 2025-yilda tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshlari oshirilishi, oilaviy shifokorlarga mehnat samaradorligi asosida ustama to‘lash tartibi joriy qilinishi aytilgandi.