8-yanvar, chorshanba kuni Toshkent hayvonot bog‘idagi jirafa oshqozon buralishi tufayli nobud bo‘ldi, deya xabar berdi bog‘ ma’muriyati.
“Biz jirafani saqlab qolish uchun barcha davolash usullarini qo‘lladik. Jumladan, xalqaro veterinariya videokonferensiyalarida ishtirok etgan mutaxassislarning yordami va xorijiy hamkasblar bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvdan foydalandik”, — deyiladi xabarda.
“Afsuski, eng yomon taxmin tasdiqlandi: patologanatomik tekshiruv natijalari jirafaning o‘limiga oshqozon buralishi sabab bo‘lganini ko‘rsatdi. Barcha harakatlarimizga qaramay, natija fojiaviy bo‘ldi. Jirafalarning anatomik va fiziologik xususiyatlari tufayli, ularning oshqozon-ichak tizimida jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazib bo‘lmaydi. Chunki jahon amaliyotida bunday kasalliklarni muvaffaqiyatli davolash holatlari mavjud emas”, — deya qayd etdi zoopark.
Foto: Toshkent hayvonot bog‘i.
6-yanvar kuni hayvonot bog‘i jonivor 11 kundan buyon suyuqlik ichishdan bosh tortayotgani va kuchsizlanib borayotgani haqida xabar bergandi.
“Bizning jirafamizda kasallik belgilari paydo bo‘lganda va „oshqozon atoniyasi“ tashxisi qo‘yilganda, hayvonot bog‘i xodimlari va veterinarlar darhol davolash ishlarini boshlashdi. Shu bilan birga, Rossiya va Estoniyadagi jirafalar bo‘yicha yetakchi veterinarlardan maslahat olindi va video konferensiya o‘tkazildi”, — deyiladi tashkilot xabarida.
“Oshqozon atoniyasi yuqumsiz kasallik bo‘lib, unda oshqozon qisqarish faoliyati to‘xtaydi. Hayvonot bog‘ida yashovchi jirafalar uchun bu kasallik juda xavfli hisoblanadi. Bilsangiz kerak, sigir yoki qo‘y kabi uy hayvonlarida bunday muammolar odatda ortiqcha ovqatlanish yoki sifatsiz yem yeyish tufayli yuzaga keladi. Uy hayvonlarida bu kasallik aniqlanib, ularga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilsa, tez tuzalib ketishadi. Ammo yovvoyi jirafalarda vaziyat boshqacha. Ular odamlarni yaqiniga yo‘latmaydi. Ularni ushlab turish yoki qimirlatmay turish (immobilizatsiya qilish) esa jirafalarning fiziologik va anatomik xususiyatlari tufayli juda xavfli hisoblanadi. Shu sababli, ayniqsa, oshqozon-ichak kasalliklarini davolash juda murakkab bo‘ladi”, — dedi hayvonot bog‘i bosh veterinari Mahmud Qo‘ziboyev.
Hozirda Toshkent hayvonot bog‘ida ikkita jirafa qoldi.
2022-yil avgust oyida zooparkda o‘sha paytdagi yagona bo‘lgan (va hayvonot bog‘i tarixidagi birinchi) Alatau laqabli jirafa vafot etgandi. O‘limga o‘n ikki barmoqli ichakning tug‘ma nuqsoni tufayli hosil bo‘lgan timpaniya natijasida yuzaga kelgan miya ishemiyasi sabab bo‘lgan.