O‘zbekistonda 2025-yilda “Bir million yashil oila” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu haqda jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan prezident farmoni loyihasida gap boradi.
Hujjatda aytilishicha, aholining kundalik hayotiga ekologik tamoyillarni singdirish orqali mamlakatda “Ekofaol fuqaro” hayot tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Bir million yashil oila” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda uning asosiy tamoyillari etib quyidagilar belgilanadi:
- aholi orasida kunlik yurish va yugurishni targ‘ib qilish;
- “yashil transportda”, shu jumladan, velosipedda harakatlanishni rag‘batlantirish;
- plastik mahsulotlardan foydalanishni kamaytirish;
- oziq-ovqat isrofgarchiligining oldini olish;
- suv, gaz va elektr energiyasi resurslaridan oqilona foydalanish.
2025-yildan boshlab tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida quyidagilarni nazarda tutuvchi transformatsiya bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:
- oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik punktlari va mahalla tibbiyot punktlarida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishning samarali tizimini joriy etish;
- ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar faoliyatini markaziy shifoxonalarning maslahat diagnostika poliklinikasi sifatida yo‘lga qo‘yish;
- markazlashgan laboratoriyalar tashkil etish, stomatologiya xizmatini autsorsing asosida xususiy sektorga berish, shifokor qabuliga navbatni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish;
- tibbiyot xodimlari mehnat samaradorligini baholash ko‘rsatkichlarini ishlab chiqib, samaradorlikka erishgan xodimlarning oylik maoshlariga qo‘shimcha ustamani joriy etish;
- viloyat darajasidagi ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalarini boshqaruv, moliya va tashkiliy jihatdan zamonaviy ko‘p tarmoqli klinikalar shaklida qayta tashkil etish.
Shuningdek, 2025/2026 o‘quv yilidan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi kabi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim tashkiloti etib belgilash taklif qilinmoqda.
Loyihaga ko‘ra, universitetda “sirkulyar iqtisodiyot” ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida universitetning “yashil texnikumlari” faoliyati tashkil etilishi mumkin.
Bundan tashqari, tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, iqtisodiyot va moliya yo‘nalishlaridagi davlat oliy ta’lim tashkilotlarida “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil rivojlanish” fani va o‘quv dasturlari kiritiladi.
Oliy ta’limda grant o‘rinlarini bosqichma-bosqich oshirish hisobiga aniq va tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, xizmatlar, tibbiyot kabi sohalarda davlat buyurtmasi 25 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.