Human House galereyasi egasi va badiiy direktori Lola Sayfi O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyevaga kreativ soha vakillari uchun soliq solish tartibini qayta ko‘rib chiqishga ta’sir ko‘rsatishni so‘rab murojaat qildi.

“Siz O‘zbekistonda kreativ industriya rivojida faol ishtirok etayotganingizni bilaman va shuning uchun vaziyatim bo‘yicha yordam so‘ramoqchiman”, — deb yozadi u.

Lola Sayfi o‘z murojaatida yangi soliq shartlari galereyaning yopilishiga olib kelishi mumkinligini aytdi.

Human House galereyasi, Lola Sayfining so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda dunyoning 65 ta davlatidan mehmonlarni qabul qilgan va o‘zbek madaniyatini targ‘ib qiluvchi 300 dan ortiq tadbir o‘tkazgan.

“Shaxsiy mablag‘imiz bilan bunday loyihani ishlab chiqish juda qiyin, lekin biz qilayotgan ishimizni yaxshi ko‘ramiz va taslim bo‘lmaymiz”, — dedi u.

Galereya uchun asosiy muammo 2024-yilda uning aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgani sababli QQS to‘lashga o‘tish zarurati bo‘ldi. Natijada biznesning soliq yuki sezilarli darajada oshadi, deb yozadi u.

“Bu aylanmaga O‘zbekistonning barcha hududlaridan kelgan 250 dan ortiq kichik hunarmand va ustalarning pullari kiradi. Ular uchun, oddiy ijodkorlar uchun qog‘oz ishlarini yuritish qiyin, shu sababli men o‘z aylanmamning 4 foizini, shu jumladan, ular uchun ham to‘ladim. Ammo endi QQSga o‘tish munosabati bilan mening solig‘im 10 baravardan ko‘proq oshadi”, — deb ta’kidladi Lola Sayfi.

“Bunday soliq mening biznesimni o‘ldiradi. Qo‘lda tayyorlangan mahsulotlarni ishlab chiqarish narxi juda yuqori va katta daromad yo‘q. Bundan tashqari, biz dunyoning turli burchaklaridan kelgan mehmonlar madaniyatimizning bir parchasini o‘z mamlakatlariga olib ketishi uchun narxlarni hamyonbop saqlashga harakat qilamiz”, — dedi galereya egasi.

U qo‘shimcha qildi: “12% QQS + 15% foyda solig‘i, + buxgalterning maoshi (ular hozir kam emas) meni shunchaki biznes sifatida galereyani yopish zarurati oldiga qo‘ymoqda”.

Lola Sayfi o‘z murojaatida ijodiy mahsulot yaratganlar uchun, masalan, tovar aylanmasining 4 foizini qoldirish kabi yumshoqroq soliq rejimini taklif qildi. “Bu 40 000 000 so‘m. Xarajatlarimizni hisobga olsak, bu juda katta pul. Lekin davlatimizga ham halol soliq to‘lovchilar kerak, men bundan keyin ham ular qatorida bo‘lishga tayyorman”, — deb yozdi galereya egasi.

Lola Sayfi rasmiylar Human House kabi loyihalarni saqlab qolish imkonini beradigan yechim topa olishiga umid bildirdi.

Human House galereyasi — badiiy galereya, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari dizaynerlari uchun ko‘rgazma zali, atele, restavratsiya ustaxonasi hamda ta’lim va madaniy tadbirlar uchun ochiq maydonni o‘zida birlashtirgan madaniyat markazi. Human House qo‘lda tayyorlangan mahsulotlarni taqdim etadi: kiyim-kechak, poyabzal, interer buyumlari, rasmlar va suvenirlar. Bundan tashqari, galereyada mahorat darslari, konsertlar, madaniy uchrashuvlar va kechki ovqatlar tashkil etiladi.