Livan parlamenti ikkinchi turda armiya bosh qo‘mondoni Jozef Aunni mamlakat prezidenti lavozimiga sayladi, deb xabar bermoqda CNN.
2022-yil oktabr oyida Mishel Aunning vakolat muddati tugaganidan keyin mamlakatdagi prezidentlik lavozimi ikki yildan ko‘proq vaqt davomida bo‘sh qoldi. Bugungi kunga qadar Livanning yangi prezidentini saylash bo‘yicha 12 ta muvaffaqiyatsiz urinish bo‘lgandi.
Ovoz berishning birinchi bosqichi 9-yanvar kuni ertalab tashkil etildi, biroq Jozef Aun 128 ovozdan 86 tasini qo‘lga kirita olmadi. Ikkinchi turda esa u 99 ta ovoz to‘pladi.
Aunni AQSh va Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlaydi, deb ta’kidlaydi CNN. Ovoz berish natijasi Livanning “Hizbulloh” guruhi ta’sirining Isroil bilan urushdan keyin zaiflashganini ko‘rsatdi, deya yozmoqda Reuters. Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, Aunning saylanishi Saudiya Arabistoni ta’sirining mamlakatda qayta tiklanishi va Eron ta’sirining zaiflashishini ko‘rsatadi.
Aunning ikkinchi turdagi g‘alabasi uni “Hizbulloh” parlamenti a’zolari qo‘llab-quvvatlagandan so‘ng amalga oshdi. Birinchi turda ular ovoz berishda betaraf qolgandi.
Ovoz berish arafasida G‘arb va bir qancha arab davlatlari vakillari Aunning saylanishiga ko‘maklashish maqsadida Livan rasmiylari bilan aloqalarni faollashtirdi, deya ta’kidladi BBC rus xizmati Livan siyosiy doiralaridagi manbalariga tayanib. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 8-yanvar kuni ertalab Fransiya va Saudiya Arabistoni elchilari Livan siyosatchilari guruhi bilan uchrashgan.
60 yoshli Aun armiyani 2017-yil mart oyidan beri boshqarib kelayotgandi va 2024-yil yanvar oyida iste’foga chiqishi kerak edi, ammo uning vakolatlari “Hizbulloh” va Isroil o‘rtasidagi urush tufayli ikki marta uzaytirildi. Associated Press nashrining yozishicha, Aun tayinlagan Livanning yangi hukumati jiddiy muammolarga duch kelishi mumkin, chunki mamlakat bir necha yillardan beri iqtisodiy inqiroz holatida turibdi.