Meta korporatsiyasi o‘ziga tegishli platformalar — Facebook, Instagram va Threads mikrobloglar xizmatidagi faktchekerlar xizmatlaridan voz kechadi. Bu haqda uning asoschisi Mark Sukerberg o‘z videomurojaatida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mavjud tizim “juda ko‘p xatolar va senzuralari bo‘lgan nuqtaga yetdi”. “Shuning uchun biz o‘z ildizlarimizga qaytmoqchimiz va xatolarni qisqartirish, siyosatimizni soddalashtirish hamda platformalarimizda o‘z fikrini bayon qilish erkinligini tiklashga e’tibor qaratmoqchimiz”, — dedi u.

Videomurojaatida Sukerberg kompaniyaning bu qarorga kelishiga turtki bo‘lgan sabablar qatorida AQShda yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovlarni tilga oldi. Uning fikricha, saylovlar “burilish nuqtasi”ga aylandi, shundan so‘ng so‘z erkinligi yana birinchi o‘ringa chiqayotgani ayon bo‘ldi.

Sukerberg yaqin orada unga tegishli ijtimoiy tarmoqlarda sodir bo‘ladigan 5 ta asosiy o‘zgarishni sanadi.

Uchinchi tomon faktchekerlari xizmatlaridan voz kechish. Buning o‘rniga kompaniya “hamjamiyat izohlari” funksiyasini qo‘shadi, bu foydalanuvchilarga xato yoki chalg‘ituvchi postlarga kontekstni mustaqil ravishda qo‘shishga imkon beradi. Xususan, Ilon Maskka tegishli X ijtimoiy media platformasi bahsli postlarga ogohlantirish va kontekst qo‘shish uchun boshqa foydalanuvchilarga tayanadi.

Kontent siyosatini soddalashtirish. Meta immigratsiya va gender kabi muayyan mavzularni muhokama qilishda bir qator cheklovlarni olib tashlashni rejalashtirmoqda.

Senzuralash prinsiplarining o‘zgarishi. Agar hozirda kompaniya filtrlari ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish qoidalarining barcha buzilishlarini avtomatik ravishda kuzatishga mo‘ljallangan bo‘lsa, kelgusida ular xato ma’lumotlarni yoki jiddiy qoidabuzarliklarni qidirishga e’tibor qaratadi. Boshqa barcha holatlarda Meta foydalanuvchilarning shikoyatlariga tayanadi.

“Fuqarolik kontenti”ni qaytarish. Ma’lum vaqt davomida siyosiy postlar kompaniya ijtimoiy tarmoqlaridagi tavsiyalarga tushmadi, chunki foydalanuvchilar ular tufayli stressga tushgan. Endi, Sukerbergning so‘zlariga ko‘ra, auditoriya so‘rovi o‘zgardi va bunday postlar algoritmik lentalarga qaytadi.

Trust & Safety bo‘limi va moderatorlar Texasga ko‘chib o‘tadi. Hozirda ushbu jamoalarning xodimlari Kaliforniyada ishlaydi. Texasda jamoalarimizning tarafkashligi haqida tashvish kamroq, dedi u.

Bu o‘zgarishlar qachon kuchga kirishi aniq ma’lum emas. Mark Sukerberg faqat faktchekerlardan voz kechish yaqin bir necha oy ichida sodir bo‘lishini ta’kidladi. Hozircha bu faqat AQShda sodir bo‘ladi — u boshqa hududlar haqida hech narsa demadi.

Meta butun dunyo bo‘ylab 3 milliarddan ortiq foydalanuvchiga ega. Sukerbergning ta’kidlanishicha, Meta “Amerika kompaniyalarini ta’qib qilayotgan hamda dunyodagi ko‘proq senzura o‘rnatishga intilayotgan hukumatlarga qarshi kurashishda prezident Tramp bilan hamkorlik qiladi”.

U Yevropani “senzurani institutsiyalashtiradigan va har qanday innovatsiyani yaratishni qiyinlashtiradigan qonunlar soni tobora ortib borayotgan” joy sifatida keltirdi va shunday dedi: “Lotin Amerikasi mamlakatlarida kompaniyalarga biror narsani tinchgina olib tashlashni buyurishi mumkin bo‘lgan maxfiy sudlar mavjud”.

40 yoshli Sukerberg faktchekerlardan voz kechish qarorini 2019-yil oktabr oyida Jorjtaun universitetida so‘z erkinligi tarafdori bo‘lgan argumentiga qaytish sifatida asosladi.

Faktcheking tizimi 2016-yilda AQSh prezidenti saylovlariga Rossiyaning “trollar fabrikalari” aralashuvi bilan bog‘liq janjal fonida Facebook`da paydo bo‘lgandi. Faktcheking bilan Meta xodimlari emas, balki asosan professional jurnalistlar va muharrirlardan iborat tashqi tashkilotlar shug‘ullangan.

Trampga xushomad

Aksariyat G‘arb OAV, shuningdek, faktchekerlarning o‘zlari ham Meta e’lonlarini juda salbiy qabul qildi, deb yozadi Meduza. Jurnalistlarning fikricha, Sukerberg AQShning saylangan prezidenti ma’muriyati bilan yaqinlashishga harakat qilmoqda. The Wall Street Journal nashrining eslatishicha, noyabr oyi oxirida Meta rahbari Donald Trampning Florida shtatidagi Mar-a-Lagodagi qarorgohida kechki ovqatga borgan. Shundan so‘ng uning kompaniyasi siyosatchining inauguratsiya fondiga million dollar xayriya qildi.

Bundan tashqari, Trampning yaqin tarafdorlaridan biri, UFC prezidenti Dana Uayt yaqinda Meta direktorlar kengashiga a’zo bo‘ldi. Ushbu qaror kompaniya ichida tanqidga sabab bo‘ldi, ammo 404 Media nashrining xabar berishicha, HR departamenti xodimlari ichki forumdagi salbiy izohlarni zudlik bilan o‘chirdi. Jurnalistlar ijtimoiy tarmoqlardagi kontentni moderatsiya qilish siyosatini o‘zgartirishni saylangan prezidentga yoqishning yana bir usuli deb bilmoqda.

“O‘ylaymanki, bu ta’sirga ega muvaffaqiyatsizlik bo‘ladi, — dedi Poynter instituti MediaWise mediasavodxonlik dasturi direktori Aleks Mahadevan The New York Times nashriga bergan izohida. — Platforma endi unda e’lon qilingan narsalar uchun hech qanday mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmaydi. Ular barcha mas’uliyatni foydalanuvchilarning o‘ziga yuklashi mumkin”.

Nashrning ta’kidlashicha, 2016 yoki 2020-yilgi prezidentlik saylovlaridan so‘ng voqealarning bunday tarzda rivojlanishi mutlaqo mumkin bo‘lmagan bo‘lardi. O‘sha paytda, deb yozadi The New York Times, ijtimoiy tarmoqlarga egalik qiluvchi kompaniyalar o‘zlarini “dezinformatsiya urushining old safidagi jangchilar” deb hisoblagan. Meta ilgari qilgan sa’y-harakatlar “yolg‘onning tarqalishini sekinlashtirishga” imkon bergan. Jurnalistlar e’lon qilingan o‘zgarishlarni ortga qadam deb hisoblamoqda.