Gulbahor Izentayeva I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi direktori lavozimiga tayinlandi, deb xabar berdi KRuz.uz.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi, rassom Jolliboy Izentayevning qizi Gulbahor Izentayeva avvalroq Qoraqalpog‘iston turizm boshqarmasiga rahbarlik qilgan. Bundan tashqari, u 2017-yil fevral oyidan 2021-yil boshigacha Savitskiy nomidagi muzey direktori lavozimida ishlagan.

2018-yil iyul oyida Aleksandr Shevchenkoning “Chelak ko‘targan ayol” kartinasi suv o‘chirish tizimi noto‘g‘ri ishlagani tufayli shikastlangan. O‘shanda madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Akilova me’yorlarga rioya etmagani uchun quruvchi va loyihachilarni (muzeylarda suvli emas, gazli yong‘in o‘chirish tizimi bo‘lishi kerak), hodisa uchun esa muzey rahbariyatini ayblagandi, chunki mas’ullar vazirlikni voqea haqida o‘z vaqtida xabardor qilmagan va zallarda tungi navbatchilikni nazorat qilmagan.

2019-yilda Savitskiy nomidagi muzey direktori lavozimiga xalqaro tanlov o‘tkazildi. Unda Moskva Rerixov muzeyi direktori Tigran Mkrtichev g‘alaba qozondi. Biroq koronavirus pandemiyasi tufayli u 2021-yilning yanvar oyidagina o‘z vazifasini bajarishga kirishdi. Tigran Mkrtichevning shartnomasi 2024-yil dekabr oyida yakunlangan.

So‘nggi uch yil ichida muzey rassom Robert Falk va uning o‘g‘li Valeriy Falk asarlari, O‘rol Tansiqboyevning ilk ijod namunalari, shuningdek, Orol dengiziga bag‘ishlangan “Suv xotirasi” kabi yirik ko‘rgazmalarni o‘tkazdi.

Bundan tashqari, Savitskiy nomidagi muzey mamlakatning turli shaharlarida elchilar dasturini ishga tushirgan. Ularning vazifasi Nukus muzeyining mashhurligini va qoraqalpoq madaniyatiga bo‘lgan qiziqishni oshirishdan iborat. “Gazeta.uz” bu loyiha haqida batafsil ma’lumot bergandi.