Zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi Bosh prokuraturani voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilishni ta’minlashga chaqirdi.

Nemolchi.uz bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoiy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning harakatlari tergov tomonidan, keyin esa sud tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik — jinsiy zo‘ravonlik sifatida tasniflanayotganiga e’tibor qaratdi.

2023-yilda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan jinsiy zo‘ravonlik (41−1) moddasida birinchi marta jinsiy xarakterdagi nomaqbul xatti-harakatlarning sodir etganlik uchun 5 sutka, takroran sodir etganlik uchun 15 sutka jazo nazarda tutiladi.

16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq xatti-harakatlar to‘g‘risidagi modda jinoiy (129) bo‘lib, ancha og‘irroq jazoni, jumladan, maksimum 8 yilga ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, Oliy sudi plenumi 2018-yilda (2023-yildagi o‘zgartirishlari bilan) “16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik ko‘rinishidagi uyatsiz-buzuq harakatlar JKning 129-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim"ligini belgilab bergan edi. Ya’ni 16 yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlarga zo‘ravonlik JKning tegishli moddasi bo‘yicha ko‘rib chiqilishi kerak.

Avvalroq, 2024-yil 14-oktabr kuni Nemolchi.uz ushbu muammo yuzasidan Bosh prokuraturaga murojaat qilgan edi.

“Voyaga yetmaganlarga nisbatan uyatsiz-buzuq xatti-harakatlar sodir etgan shaxslar mutanosib jazodan qutulib qolmoqda — tergovchilar va sudyalar qonunga zid ravishda ko‘pincha bu jinoiy huquqbuzarlikni jinsiy zo‘ravonlik ko‘rinishidagi ma’muriy huquqbuzarlik sifatida ko‘rib chiqmoqda”, — deb ta’kidlagan loyiha ularning avvalgi murojaati e’tiborsiz qoldirilganini aytib.

“Avvalgi ishlar ko‘rib chiqilmagan, xuddi shunday amaliyotlar esa hamon davom etmoqda — yosh bolalarga uyatsiz harakat qilgan shaxslar ko‘pincha [jinsiy zo‘ravonlik] moddasi bo‘yicha 3−5 sutkalik ma’muriy qamoq olmoqda”, — deydi faollar.

Zo‘ravonlikka qarshi loyiha bunday holatlarga misollar keltirdi:

2024-yil 22-iyul kuni 1991-yilda tug‘ilgan O.Xusanov bir uyda yashovchi ayol sherigining voyaga yetmagan qizi (o‘sha yilning iyul oyida 15 yoshga to‘lgan) bilan yolg‘iz qolib, uni bezovta qilgan, yigitlar bilan uchrashganda tajriba orttirishi uchun qizga o‘pishishni taklif qilgan. U MJTKning 41−1-moddasida (“Jinsiy zo‘ravonlik”) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 5 sutkaga qamalgan.

26-sentabr kuni mast holatdagi 45 yoshli G‘ayrat Abdullayev voyaga yetmagan qizga yaqinlashib, uning yuzi va lablaridan o‘pa boshlagan, so‘ng uni ko‘tarib, pod’ezdga olib kirgan. Biroq tergov va sud buni uyatsiz harakatlar emas, balki bezorilik deb hisoblagan. Erkak MJTKning 41−1-moddasiga asosan 5 sutkaga hibsga olingan.

19-avgust kuni 24 yoshli taksi haydovchisi D.Sheraliyev uch nafar yo‘lovchi ayolni bezovta qilib, ularga prezervativ ko‘rsatgan. Qurbonlar 14−15 yoshlarda bo‘lgan, biroq ulardan birining onasi xabar berishicha, na tergovchi, na sudya qizlarning yoshini so‘ramagan. Haydovchi 41−1-modda bo‘yicha aybdor deb topilib, 5 sutkaga ma’muriy qamoqqa olingan.

Bunday malakalashning so‘nggi misollaridan biri — Buxoro viloyatida ikki jiyanning amakisi F.M. ishdan kelib ichki kiyimini yechgan va qizlarni massaj qilishga majburlab, agar rad etsa, jazolash bilan tahdid qilgan. Sud F.M.ni MJTKning 41−1-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topib, unga nisbatan 3 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.

“Jinsiy zo‘ravonlikka uchragan bolalar himoyasini zaiflashtirishdan tashqari, 41−1-modda boshqa hollarda jinoiy javobgarlikni istisno qilish uchun ham qo‘llanishi mumkinligini aniqladik”, — deb yozadi Nemolchi.uz.

Jumladan, 2024-yil 6-yanvarda Jinoyat ishlari bo‘yicha Ko‘kdala tumani sudi F.Ismoilovga nisbatan ishni ko‘rib chiqqan. Ish materiallariga ko‘ra, u Telegram guruhida muayyan ayol haqida xabar joylashtirgan va unda uni fohisha deb atab, bir vaqtning o‘zida ikki yoki uch erkak bilan uchrashayotganini aytgan.

“Tergov ham, sud ham ushbu xabarni jinsiy zo‘ravonlik sifatida ko‘rib, buni MJTKning 41−1-moddasi bilan kvalifikatsiya qildi. F.Ismoilovning 4 nafar voyaga etmagan farzandi borligi inobatga olinib, u maxsus tergov izolyatorida saqlash xarajatlaridan ozod etildi va unga 4 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Ammo bu iboralar shahvoniy ishtiyoq xususiyatiga egaligi yoki ayolga nisbatan haqorat va tuhmat ekanini aniqlaydigan sud-lingvistik ekspertiza o‘tkazilmagan”, — deya ta’kidladi faollar.

Internet orqali sodir etilgan tuhmat va haqorat Jinoyat kodeksining 139 va 140-moddalarida nazarda tutilgan jinoiy huquqbuzarlik hisoblanib, katta miqdorda jarima, jamoat ishlari yoki axloq tuzatish ishlari, hattoki ozodlikni cheklash kabi jazolarni ham nazarda tutadi.

“MJTKning xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan 41−1-moddasi qonuniylik, adolat va javobgarlikning muqarrarligi kabi tamoyillarga putur yetkazishi mumkinligiga yana bir bor e’tiboringizni qaratamiz”, — ta’kidladi faollar.

Nemolchi.uz zo‘ravonlikka qarshi loyihasi Bosh prokuraturadan ushbu modda bo‘yicha qabul qilingan sud qarorlarini tahlil qilib, zarur hollarda tegishli protest bildirishni so‘raydi.