7-yanvarda boshlangan shiddatli o‘rmon yong‘inlari Los-Anjelesni o‘rab oldi, kamida 5 kishi halok bo‘ldi, yuzlab uylarga shikast yetdi, o‘t o‘chirish resurslari hamda suv ta’minotida muammolar bor, 130 000 dan ortiq odamni evakuatsiya qilish buyurilgan. Bu haqda Reuters va CNN yozmoqda.
Turar joy binolari yonib ketdi, o‘chirish ishlariga aviatsiya jalb qilindi. O‘t o‘chiruvchilar ishini kuchli shamol murakkablashtirmoqda — Milliy meteorologiya xizmati 9-yanvarga qadar Los-Anjeles okrugining katta qismida sekundiga 36 metrgacha shamol bo‘lishi kutilayotganini ma’lum qildi.
Okrugda oltita o‘rmon yong‘ini kuzatilmoqda. Malibu va Santa Monika o‘rtasidagi dengizbo‘yi hududida Paliseyds yong‘ini kamida 1000 ta inshootni vayron qildi va bu Los-Anjeles okrugidagi eng vayronkor yong‘inlardan biriga aylanib ulgurdi. U yerda ko‘plab mashhurlar, jumladan, AQSh vitse-prezidenti Kamala Harrisning uyi joylashgan. Kaliforniya hukumati favqulodda holat e’lon qilgan.
https://twitter.com/RealJamesWoods/status/1876861021102461373?ref_src=twsrc%5Etfw%7Ctwcamp%5Etweetembed%7Ctwterm%5E1876861021102461373%7Ctwgr%5E%7Ctwcon%5Es1_c10&ref_url=
AccuWeather prognozlariga ko‘ra, dastlabki zarar va iqtisodiy yo‘qotishlar 50 milliard dollardan ortiq deb baholanmoqda. PowerOutage.us ma’lumotlariga ko‘ra, Los-Anjeles okrugida 1 millionga yaqin uy va korxonalar elektr ta’minotidan mahrum bo‘lgan. Okrug bo‘ylab maktablar yopilgan.
Prezident Bayden Kaliforniyada o‘rmon yong‘inlari tufayli ofat rejimini joriy etdi. Shuningdek, u Italiyaga safarini bekor qildi.