Rossiya harbiylarining Zaporojega havo hujumi oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi, 113 kishi yaralandi, deya xabar berdi Ukraina rasmiylari.

Shahar 8-yanvarda kunning ikkinchi yarmida hujumga uchradi. Ukraina Ichki ishlar vazirligi zarbalar boshqariladigan ikkita FAB-500 aviabombalari tomonidan berilganini ma’lum qildi. Ular infratuzilma obyektining ma’muriy qismi va yo‘l yaqinida portlagan. Jabrlanganlarning aksariyati bu vaqtda ko‘chada va jamoat transportida bo‘lgan, deya aniqlik kiritdi vazirlik.

Zaporoje viloyati harbiy ma’muriyati tomonidan e’lon qilingan zarba joyidan olingan fotosuratlarda yonayotgan avtomobillar, tramvaylar va oynalari singan yo‘nalishli taksilarni ko‘rish mumkin, shuningdek, binolarning old tomoni yonib ketgani va jabrlanganlar ham ko‘rinadi.

Ukraina favqulodda vaziyatlar xizmati jami to‘rtta ma’muriy bino, 27 ta avtomobil va tramvayga zarar yetkazilganini ma’lum qildi.

“Bu shaharga, oddiy odamlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum edi. Rossiya armiyasining mutlaq qasddan qilingan zarbasi. Bu Rossiya aslida nimani xohlayotganini yana bir bor ko‘rsatadi. Ular faqat urushni va faqat qurbonlarni xohlaydi”, — dedi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy.

Rossiya Mudofaa vazirligi Zaporojega bergan zarbasini izohlamadi.