Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligida qo‘ng‘ir ayiq o‘ldirib ketildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘rmon xo‘jaligiga qarashli “Axsarsoy” hududidagi nazorat reyd tadbirida hayvon terisi topilgan. Ashyoviy dalil Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti tomonidan o‘rganilganda Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘iga tegishli ekani ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, o‘rganish davomida ayiq noma’lum shaxslar tomonidan qo‘lbola sirtmoq yordamida o‘ldirilgani, terisi qoldirilib, boshqa qismlari olib ketilgani aniqlangan.

Holat yuzasidan to‘plangan ma’lumotlar huquqbuzarlarning shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida Toshkent viloyati IIBBga yuborildi. Aniqlik kiritilgach, qonuniy tartibda tegishli chora ko‘rilishi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, qo‘ng‘ir ayiq zaif, keng, biroq mozaik tarqalgan kenja tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobiga va CITEC’ning I ilovasiga kiritilgan. Ularni ovlash taqiqlangan.