Energetika vazirligida tadbirkorlar bilan elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari bilan bog‘liq muammolarni muhokama qilish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

Unda energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov, Bosh prokuratura, “O‘zenergoinspeksiya”, Kadastr agentligi, Toshkent shahri hokimligi, shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” (HET), “Yashil Energiya” vakillari hamda zaryadlash stansiyalari bozori ishtirokchilari, jumladan, Tok Bor, Megawatt Energy, GreenTE, Q.Watt, TezTok, Mustang Energy, Voltauto, EBB Charging va Spectre Energy qatnashdi.

“Subiste’molchi sifatida aholiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan kompaniyalar o‘zlari duch kelgan muammolar haqida gapirib berishdi. Tegishli mutasaddilarning bu boradagi izohlari tinglandi”, — deyiladi boshqarma xabarida.

Vazirlik vakillari yana bir bor tashkilot obyektlar faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha buyruq bermagani, aksincha, mamlakatda elektromobillar infratuzilmasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Shu bilan birga, tadbirkorlarga energetika sohasida qonun hujjatlarida belgilangan me’yorlarga qat’iy rioya etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha taklif qilingan tashabbuslarni o‘rganish va muhokamalarni muntazam davom ettirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deyiladi xabarda. Tadbirkorlar va soha mutaxassislarining fikr va takliflari tinglanib, ularni o‘rganishga kelishildi.

Foto: Energetika vazirligiFoto: Energetika vazirligi

Uchrashuv ishtirokchilaridan birining “Gazeta.uz”ga aytishicha, uchrashuv umuman olganda ijobiy o‘tgan.

“Quvvatlash stansiyalarini uzish bo‘yicha kim buyruq berganini to‘liq aniqlashning imkoni bo‘lmadi, biroq avval o‘chirilgan obyektlarni qaytadan ulash lozimligi aytildi. Kerakli hujjatlar yetishmayotgan bo‘lsa, tadbirkorlarga ularni yig‘ish uchun bir oyga yaqin vaqt beriladi. Biz Energetika vazirligi qanday hujjatlar haqida gapirayotganiga oydinlik kiritishni so‘raganimizda „ular haqida gapirishga hali erta“ degan javob oldik. O‘ylashimcha, dushanba kuniga qadar vaziyat oydinlashadi va qanday tartiblar taklif qilinayotgani ma’lum bo‘ladi. Ayni paytda jamoamiz ushbu masalalar ustida ish boshladi va tafsilotlarga aniqlik kiritmoqda”, — dedi u.

Tomonlar zaryadlash stansiyalarini qonuniylashtirish bilan bog‘liq qiyinchiliklarni ham muhokama qilgan. Kadastr agentligi hali jarima qo‘llamasligini, biroq hozirgi bosqichda obyektlarni qonuniylashtira olmasligini bildirgan.

“Vaziyat muzlatib qo‘yilganga o‘xshaydi — masala hozircha to‘xtab turibdi. Ehtimol, Kadastr agentligi yuqoriroq darajada yechim izlar”, — dedi kompaniyalardan birining vakili.

Shuningdek, u 8-dekabr kuni stansiyalarni qayta ulash uchun mas’ul etib tayinlangan HET vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tganini aytdi. Tadbirkorning tasdiqlashicha, quvvatlash shohobchalarining faoliyati tiklana boshlagan.

Voqealar rivoji

Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlantirish shohobchalarining majburiy to‘xtatilishi va buzib tashlash talablari dekabr oyi o‘rtalarida ma’lum bo‘lgan edi. O‘shanda “Gazeta.uz” elektr shohobchalari operatorlari bilan sodir bo‘lgan voqea sabablari va soha uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni muhokama qilgan (rus tilida).

O‘zLiDeP deputati Nuriddin Sultonov Energetika vazirligi va Kadastr agentligiga Toshkent shahrida elektromobillarni quvvatlash stansiyalari faoliyati to‘xtatilishi sabablari va ularni demontaj qilish talabiga oydinlik kiritishni so‘rab deputatlik so‘rovi yubordi.

2-yanvar kuni energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov dekabr oyida “tegishli idoralar” reyd o‘tkazgani, uning davomida bir qancha quvvatlantirish stansiyalari o‘chirilganini tasdiqladi. Biroq vazirlik aralashuvidan so‘ng ularning bir qismi qaytadan elektr tarmog‘iga ulangan.

“Faqat texnik va boshqa talablarga javob bermaydigan 11 ta [elektromobillarni quvvatlantirish] stansiyalariga hujjatlashtirish masalalarini hal qilish uchun vaqt berildi. Bugungi kunda ular ham tarmoqqa ulangan, Toshkent shahrida birorta ham o‘chirilgan quvvatlantirish stansiyasi yo‘q”, — degandi energetika vaziri o‘rinbosari.

Spot 4-yanvar kuni Energetika vazirligi rahbari o‘rinbosarining bayonotlariga qaramay, barcha zaryadlash stansiyalari tarmoqqa qayta ulanmagani haqida xabar berdi.