Namangan viloyati Pop tumani FVB boshlig‘i 160 ming dollar pora olayotgan vaqtida ushlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qayd etilishicha, mansabdor shaxs 2 gektar yer maydonini o‘zining tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirish hamda u yerda kottej tipidagi uy-joylar qurishi uchun ruxsat olib berishni va’da qilgan.

Bu yer FVB boshlig‘ining oila a’zolariga Pop tumani hokimining 2021-yil fevral oyidagi qarori bilan limon yetishtirish uchun issiqxona tashkil etish maqsadida ajratib berilgan bo‘lgan. U 160 ming dollar olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda sodir etilgan firibgarlik) va 28,211-moddasi 2-qismi “b” (ko‘p miqdorda pora berish) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.