Saylangan prezident Donald Trampning maslahatchilari va ittifoqchilari Daniya rasmiylarini uning Grenlandiyani sotib olish niyati jiddiyligidan ogohlantirdi, deb xabar berdi CNN Daniyaning nomi ochiqlanmagan rasmiylariga tayanib.
Kopengagenda qirollikning yaqin ittifoqchisi va NATO a’zosi bo‘lgan AQSh bilan munosabatlarni buzmasdan, Trampning g‘oyasiga qanday javob berish masalasini sinchkovlik bilan o‘rganmoqdalar, deya xabar berdi telekanal.
Tramp birinchi marta 2019-yilda Daniyaning avtonom hududi bo‘lgan Grenlandiyani sotib olishni taklif qilgan edi, ammo hozir, daniyalik yuqori martabali amaldorning so‘zlariga ko‘ra, “bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlayotgan ekotizim butunlay boshqacha”. “Bunisi ancha jiddiyroq tuyilyapti”, — dedi CNN`ning boshqa suhbatdoshi.
AQSh va Daniya rasmiylarining ta’kidlashicha, ular saylangan prezidentning Grenlandiyaga bo‘lgan ishtiyoqini tushungani yo‘q, chunki AQSh allaqachon orol bilan o‘n yillik mudofaa kelishuviga ega, bu esa u yerda Amerika harbiy ishtirokini sezilarli darajada oshirishga imkon bergan.
Pentagon vakili CNN telekanaliga bergan intervyusida AQSh Grenlandiyaning Daniyadan mustaqillikka intilishidan xavotirda ekanini aytdi. Bunday ssenariyda orol siyosiy jihatdan “notinchroq” va Rossiya yoki Xitoy ta’siriga “zaifroq” bo‘lishi mumkin.
Bu hafta Donald Tramp Grenlandiya “milliy xavfsizlik uchun” AQSh nazoratiga o‘tishi kerakligini aytgandi. “Odamlar aslida Daniyaning unga qandaydir qonuniy huquqlari bor-yo‘qligini bilmaydi, lekin agar bo‘lsa, undan voz kechishlari kerak, chunki u bizga milliy xavfsizlik uchun kerak. Bu erkin dunyo uchun. Men erkin dunyoni himoya qilish haqida gapiryapman”, — dedi u.
Tramp, shuningdek, AQSh Daniyadan eksportga yuqori bojlar joriy etishi mumkinligi haqida ogohlantirdi va orolni bosib olish uchun harbiy kuch ishlatishni istisno qilishdan bosh tortdi.
Trampning bayonotlari allaqachon AQSh hamkorlari va ittifoqchilari bilan keskinlikni keltirib chiqarmoqda, deb yozadi CNN. Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede orol AQSh va Daniya o‘rtasidagi siyosiy janglarda qatnashishni istamasligini bildirdi. “Grenlandiya Grenlandiya xalqiga tegishli. Kelajagimiz, mustaqillik uchun kurash — bizning ishimiz. Boshqalar, jumladan, daniyaliklar va amerikaliklar ham o‘z fikriga ega bo‘lishga haqli bo‘lsa-da, biz isteriya va tashqi bosimga berilmasligimiz kerak… Kelajak bizniki va uni biz shakllantirishimiz kerak”, — dedi u.
Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen, o‘z navbatida, AQSh Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish uchun harbiy yoki iqtisodiy kuch ishlatishi mumkinligiga shubha bildirdi. “Bunday darajaga yetib borishimiz mumkinligini tasavvur qilish uchun menda tasavvur yetishmaydi”, — dedi Frederiksen. U AQShning Grenlandiyaga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatladi, lekin bu orol aholisiga “hurmat” bilan amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi.
Trampning hududiy da’volariga Germaniya va Fransiya ham munosabat bildirdi. Germaniya kansleri Olaf Shols: “Chegaralarning daxlsizligi prinsipi har bir davlatga nisbatan qo‘llanadi”, — dedi. Uning qo‘shimcha qilishicha, har bir davlat, xoh kichik bo‘lsin, xoh juda qudratli — unga rioya qilishi kerak.
“Yevropa Ittifoqining o‘z suveren chegaralariga dunyoning boshqa davlatlari tomonidan hujum qilinishiga yo‘l qo‘ymasligiga hech qanday shubha yo‘q”, — deya ta’kidladi Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barr.