Toshkentdagi mehmonxonada rossiyalik jurnalist Inessa Papernaya va uning hamrohi, shuningdek, bir o‘zbekistonlik fuqaroning vafoti bo‘yicha jinoyat ishi doirasida to‘rt nafar gumonlanuvchi qamoqqa olindi. Ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgani haqida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

U ushbu ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etayotganini ta’kidladi.

Avvalroq Kun.uz hibsga olinganlar — Karaman Palace Hotel mehmonxonasi egasi, ikki nafar isitish qozoni sotuvchisi va uni o‘rnatgan santexnik ekani haqida xabar berdi. Mutaxassislar qozonni eskirgan deb topishgan bo‘lib, u xavfsizlik qoidalari buzilgan holda o‘rnatilgan.

Nashr manbasining ma’lum qilishicha, mehmonxona egasi A. Xo‘jaqulov, sotuvchilar Z. Jamoldinov va A. Yusupov, shuningdek, santexnik N. Qurbonov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi “a” bandi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bo‘yicha ayblanmoqda.

Tergov hujjatlarida ko‘rsatilishicha, sotuvchilar Z.Jamoldinov va A.Yusupov Karaman Palace Hotel mehmonxonasi egasiga eski va texnik nosoz isitish qozonini sotgan. Santexnik N. Qurbonov bilan birgalikda ular jiddiy nosozliklarga ega bo‘lgan uskunalarni o‘rnatganlar: qozonning konstruksiyasi o‘zgartirilgan, kondensatni chiqarib yuborish tizimi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kanalizatsiyaga sifonsiz ulangan, tutun o‘tkazgichlar esa texnik va me’yoriy talablar buzilgan holda o‘rnatilgan.

Sud-tibbiy ekspertizasi Rossiya fuqarolari Inessa Papernaya (47 yosh) va Maksim Radchenko (45 yosh) hamda O‘zbekiston fuqarosi Xushnud Udekovning (48 yosh) o‘limiga is gazidan va vodorod sulfididan o‘tkir zaharlanish sabab bo‘lganini tasdiqladi.

Respublika kompleks texnik ekspertizasi xulosasida ta’kidlanishicha, sifonsiz kanalizatsiyaga ulangan eskirgan va nosoz isitish qozonlaridan foydalanish gaz sizib chiqishi va zaharlanish xavfini oshiradi. Bundan tashqari, uskunalar shamollatish va konditsionerlash talablari buzilgan holda o‘rnatilgan.