Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi katta tezkor xodimi 10 ming dollar olgan vaqtida ushlandi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Qayd etilishicha, xodim boshqarmaning Jinoyat qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi katta tezkor xodimi sifatida ishlab kelgan.
U o‘zining mansabdor tanishlari orqali Samarqand shahar IIO faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 3-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida ayblanuvchi 30 yoshli shaxsga tegishli qismini Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan tugatishni va’da qilgan.
Shuningdek, mazkur ishdagi 21 yoshli fuqaroga nisbatan “uy qamog‘i” ehtiyot chorasini qo‘llagan holda uni ozodlikda qoldirishni va’da qilgan. U bular uchun 10 ming dollar olgan vaqtida ushlanib, holat protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25−168-moddasi 3-qismi “a” bandi (Ko‘p miqdorda firibgarlik) va 28−211-moddasi 2-qismi “b” bandi (Ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.