Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda notanish raqamlardan qo‘ng‘iroqlarga javob berilayotganda bank kartalaridan pul avtomatik yechib olinayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Regulyator banklar va to‘lov tizimlarining mobil ilovalarida firibgarlik holatlarining oldini oluvchi xavfsizlik choralari ko‘rilganini ta’kidladi.

Ilovada ro‘yxatdan o‘tish uchun telefon raqamni ko‘rsatish, ushbu raqamga yuborilgan SMS kodini kiritish va biometrik identifikatsiyadan o‘tish lozim. Muvaffaqiyatli ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng, foydalanuvchi bank kartasini ilovaga bog‘lashi mumkin.

Kartani telefon raqamiga ulash uchun bir martalik SMS kodi yuboriladi. Ushbu kod kiritilgandan keyingina karta ilovaga qo‘shiladi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun telefon raqami va karta mos kelishi kerak, aks holda ulanish amalga oshirilmaydi.

Yangi dastur foydalanuvchilari vaqt chegarasiga duch kelishi mumkin — bog‘langan kartadan foydalanish ro‘yxatdan o‘tgandan bir soat o‘tgach mumkin bo‘ladi.

Biroq agar shaxs o‘z ma’lumotlarini (login, parol yoki SMS kodlari) begonalarga o’tkazsa, shuningdek, messenjerlar orqali tarqalayotgan zararli APK fayllarini o‘rnatsa, bu uning kartasidan pul mablag‘larining noqonuniy yechib olinishiga olib kelishi mumkin.

MB aholi va tadbirkorlarni ijtimoiy tarmoqlardagi mish-mishlarga ishonmaslikka, faqat rasmiy axborot manbalaridan foydalanishga chaqirdi.

1-noyabrdan boshlab MB fuqarolar nomiga kreditlar olinib, so‘ngra p2p operatsiyalari orqali kartalardan mablag‘ yechib olinadigan firibgarlik holatlarining oldini olish maqsadida onlayn kredit berish tartibiga cheklovlar joriy etgandi.

Ushbu holatlarga qarshi kurashish uchun “sovitish davri” va qo‘shimcha identifikatsiya amalga oshiriladi.

Agar bankning mobil ilovasida birinchi marta ro‘yxatdan o‘tgan yoki boshqa qurilmadan mavjud hisobga kirgan fuqaro ilk bor onlayn kredit olayotgan bo‘lsa, u berilgan paytdan boshlab 48 soat ichida kreditdan foydalangan holda p2p operatsiyalarini amalga oshirish, jismoniy shaxslarning hisob raqamlariga va elektron hamyonlarga pul o‘tkazish, uyali aloqa operatorlari orqali telefonni to‘ldirish, chet elga pul o‘tkazmalari va onlayn valyuta ayirboshlash bo‘yicha cheklovlar o‘rnatiladi.

Ushbu cheklovlarni olib tashlash uchun mijoz 48 soat ichida bank tomonidan yuborilgan SMS xabarda ko‘rsatilgan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, firibgarlarning ta’sirisiz kredit olgani haqida xabar berishi kerak. Bank xodimi mijoz bilan qayta bog‘lanadi, taqdim etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshiradi va qo‘shimcha tasdiqlov o‘tkazadi.

MBning Kiberxavfsizlik markazi rahbari Olimjon Tolipovning ta’kidlashicha, ushbu cheklovlar faqat birinchi marta onlayn kredit olish uchun ariza topshirayotgan yangi foydalanuvchilar uchun amal qiladi. Bundan tashqari, mijoz 5 daqiqada bank bilan bog‘lanib, kredit haqiqatan ham uning nomidan olinganini qo‘shimcha tasdiqlash orqali ushbu cheklovlarning barchasini olib tashlashi mumkin.