Nyu York shtati sudyasi Xuan Merchan AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning pornoaktrisa Stormi Deniyelsga sukut saqlagani uchun 130 ming dollar to‘lagani bo‘yicha ish yuzasidan qaror chiqardi va unga hech qanday shartlarsiz ozodlikni tayinladi, deb yozmoqda CNN.
Bu jazo Trampning sudlanganini anglatadi, ammo u qamoq yoki jarimaga duchor bo‘lmaydi.
Tramp sud majlisida ishtirok etmadi, sud unga hukmni videoaloqa orqali tinglashga ruxsat berdi, bu paytda Tramp o‘z advokati bilan Floridada edi. Sud qaroridan so‘ng Tramp unga nisbatan “juda, juda adolatsizlik” qilinganini aytdi va unga qarshi ishni “jodugarlarni ovlash” deb atadi.
Bu Trampning hukmgacha yetib kelgan yagona jinoiy ishi sanaladi. 2024-yil may oyida sud maslahatchilari Trampni mazkur ayblovning barcha 34 bandi bo‘yicha aybdor deb topgan. Hukm chiqarish 2024-yil 11-iyulga belgilangandi, biroq bu bir necha marta qoldirilgandi.
Tramp AQSh Oliy sudining sobiq prezidentlar rasmiy xatti-harakatlari uchun jinoiy ta’qibdan immunitetga ega ekani haqidagi 1-iyuldagi qaroriga asoslanib, bu ish bo‘yicha ayblov hukmini bekor qilish haqida alohida iltimosnoma kiritgan edi, ammo yutqazgan.
Noyabr oyida, Tramp saylanganidan so‘ng, unga qarshi ikkita federal ish — 2020-yilgi saylovlarga aralashish va maxfiy hujjatlar bilan tegishlicha muomala qilmaslik bo‘yicha ishlar to‘xtatildi. Bunga AQSh Adliya vazirligining prezidentni sudda ta’qib qilishni taqiqlovchi siyosati sabab bo‘ldi.
Jorjiya shtatida Trampga qarshi 2020-yilgi saylov natijalarini bekor qilishga urinish bo‘yicha jinoiy ish prokuror Fani Uillis lavozimidan chetlashtirilgani sababli bir necha oydan beri muallaq turibdi.