O‘zbekiston Henley & Partners xalqaro konsalting kompaniyasining pasportlar bo‘yicha Henley Passport Index reytingida avvalgi o‘rnini saqlab qoldi.
O‘tgan yil oxirida O‘zbekiston pasporti 199 davlat orasida Kuba bilan birga 80-o‘rinni egallagandi. Indeksga ko‘ra, o‘zbekistonliklar dunyoning 62 davlatiga vizasiz borishi yoki yetib borganida viza olishi mumkin.
2024-yilda O‘zbekiston BAA, Tailand, O‘mon, shuningdek, Xitoy bilan vizasiz rejim to‘g‘risida shartnomalar tuzdi. So‘nggi 15 yil ichida fuqarolar uchun vizasiz yo‘nalishlar soni qariyb uchdan birga ko‘paydi — 2010-yildagi 47 tadan 62 ta davlatga yetdi, deb yozadi Spot.
O‘zbekiston pasporti amalda barcha MDH davlatlaridan ortda qolmoqda. Xususan, Ukraina 30-o‘rinda (148 davlatga borishi mumkin), Moldova 44-o‘rinda (122), Rossiya 46-o‘rinda (116), Belarus 62-o‘rinda (81 davlat), Qozog‘iston 65-o‘rinda (77), Ozarbayjon 70-o‘rinda (72), Armaniston 74-o‘rinda (68), Qirg‘iziston 78-o‘rinda (64). Shuningdek, Tojikiston 84-o‘rinda (58), Turkmaniston esa 92-o‘rinda (50).
Singapur pasporti 2025-yilda dunyodagi eng kuchli pasportga aylandi, uning egalari vizasiz sayohat qilishlari yoki dunyoning 195 mamlakati va hududiga borganlarida vizani olishlari mumkin.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Yaponiya ikkinchi o‘rinni egalladi, bu mamlakat fuqarolari vizasiz 193 ta yo‘nalishga ega.
Uchinchi o‘rinda Finlyandiya, Fransiya, Italiya, Germaniya, Janubiy Koreya va Ispaniya joylashgan bo‘lib, ularning fuqarolari 192 ta davlat va hududga vizasiz yoki viza bilan sayohat qilish imkoniga egadir. To‘rtinchi o‘rinni Avstriya, Daniya, Irlandiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya va Shvetsiya egalladi, bu mamlakatlar fuqarolari 191 ta davlatga vizasiz kirishi mumkin. Top 5 talikni Belgiya, Yangi Zelandiya, Portugaliya, Shveysariya va Buyuk Britaniya yopib beradi, ularning pasporti egalari 190 ta davlatga vizasiz sayohat qila oladi.
Birinchi o‘ntalikka quyidagi davlatlarning pasportlari kirgan: Avstraliya, Gretsiya (189 davlat), Kanada, Malta, Polsha (188 davlat), Chexiya, Vengriya (187 davlat), Estoniya, AQSh (186 davlat), Latviya, Litva, Sloveniya va BAA (185 davlat).