Futbol jurnalisti Fabritsio Romano o‘zining X sahifasida “Lans” klubi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov “Manchester Siti” klubiga transfer qilinganini ma’lum qildi.

“Lans” 20 yoshli o‘zbekistonlik futbolchini APL jamoasiga 40 mln yevroga transfer qilishga rozi bo‘lgan.

O‘zbekistonlik futbolchi yaqin kunlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va APL klubi bilan 2029-yil iyunigacha mo‘ljallangan shartnoma imzolaydi. Kelishuvni yana bir yilga uzaytirish imkoniyati bo‘ladi.

Avvalroq jurnalist Abduqodir Husanov qishki transferlar oynasida “Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiolaning himoyani kuchaytirishdagi asosiy maqsadiga aylangan. Futbolchining “shaharliklar”ga o‘tishi bo‘yicha muzokaralar hal qiluvchi bosqichda ekanini yozgandi.

Husanovning karerasi

Husanov faoliyatini O‘zbekistonning “Bunyodkor” klubi akademiyasida boshlagan, biroq, murabbiylarning fikricha, u juda “kichik va kuchsiz” bo‘lgan. 2022-yilda u Belarusning “Energetik-BGU” klubiga o‘tgan va u yerda tezda asosiy o‘yinchiga aylangan.

2023-yilda Husanov O‘zbekiston terma jamoasi bilan turnir davomida faqat bitta gol o‘tkazib yuborib yoshlar o‘rtasidagi (U-20) Osiyo kubogida g‘olib chiqqan. U dunyoning eng istiqbolli himoyachilari ro‘yxatiga kiritilgan. Keyinchalik u asosiy terma jamoa a’zosiga aylandi.

O‘sha yili “Lans” Husanovni ramziy 100 ming yevro evaziga jamoasiga qo‘shib oldi. Debyut mavsumida u Liga 1 da 11 o‘yin o‘tkazdi, Chempionlar ligasida ikki marta, jumladan, “Arsenal”ga qarshi o‘yinda maydonga tushdi.

Fransuzlarning asosiy markaziy himoyachisi Kevin Dansoning sog‘lig‘idagi muammolar tufayli Husanov “Lans”ning asosiy o‘yinchisiga aylandi. Uning ishonchli o‘yinlari jamoaga Liga 1 dagi eng yaxshi himoyalardan biri bo‘lishga yordam berdi (16 o‘yinda klub 15 ta gol o‘tkazib yubordi, faqat PSJda kamroq — 14 ta).