Toshkent shahri Olmazor tumani prokuraturasi tergovchisi pora bilan ushlandi, deya xabar qildi O‘zA.
Qayd etilishicha, savdo-sotiq sohasiga ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat mansabdor xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 184 (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) va 189-moddalari (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) bilan qo‘zg‘atilgan. Toshkent shahrida gul yetishtirish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatning muqaddam prokuratura organlarida ishlagan va sudlangan yuristi Olmazor tumani prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan ushbu jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi sifatida jalb qilingan shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llamaslik masalasini mazkur tuman-prokuraturasi mansabdor shaxslari orqali hal qilib berish evaziga 30 ming AQSh dollari talab qilgan.
U huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, mas’uliyati cheklangan jamiyat yuristining avtomashinasida Olmazor tumani prokuraturasi tergovchisi undan ushbu pul mablag‘ini pora sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanib, holat protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Hozirda prokuratura tergovchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda pora olish) bilan, mas’uliyati cheklangan jamiyat yuristiga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 212-moddasi 3-qismi “b” bandi (juda ko‘p miqdorda pora olish yoki berish vaqtida vositachilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari Chortoq tumani prokurorining katta yordamchisi 2400 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Ta’kidlanishicha, Namangan viloyati Chortoq tumani prokurorining katta yordamchisi tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi shifokori 5 nafar fuqaroga nogironlik nafaqasini belgilashda soxta hujjatlar tayyorlab berganligi yuzasidan taqdim qilingan materiallarni o‘rganib chiqib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rmaslik evaziga 3000 AQSh dollari talab qilgan.
Ammo u so‘ralgan pul mablag‘idan 2400 AQSh dollarini olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi (Xizmat mavqeidan foydalangan holda firibgarlik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, yana bir shaxs Buxoro viloyatida 20 ming AQSh dollari bilan ushlandi. Tezkor tadbirda A.R. Buxoro tumani Ko‘chkumar mahallasi hududida joylashgan MCHJga ijara huquqi asosida ajratilgan 278 gektar suv havzalaridan iborat obyektning 4 gektar qismini 280 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, kelgusida mansabdor tanishlari orqali alohida mulk sifatida hujjat rasmiylashtirib berishni va’da qilib, kelishilgan puldan 20 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.