O‘zbekiston va Qozog‘iston yangi — Ostona-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha poyezd qatnovini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmati.

Ostona shahrida AJ rahbariyatining ishchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unda “Yo‘lovchi tashish” (“Kazakstan temir joli” shu’ba korxonasi) va “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” o‘rtasida yo‘lovchi tashishni rivojlantirish va ikki davlat o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida turistik poyezdlarning harakatlanishi bo‘yicha kelishuv imzolandi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi. “Jibek joli” sayyohlik poyezdi qatnovining yo‘lga qo‘yilishi birinchi qadamlardan biri bo‘ldi, deyiladi xabarda.

“Tomonlar, shuningdek, sayyohlik salohiyatini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ladigan yangi xalqaro yo‘nalishlar, jumladan, Ostona-Samarqand yo‘nalishlarini ochish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi”.

O‘zbekistonning taklifiga ko‘ra, Olmaota-Toshkent poyezdining qatnov jadvali qayta ko‘rib chiqildi, bu esa yo‘lovchilar uchun jo‘nash va kelish vaqtini yanada qulaylashtirdi, deya ta’kidladi AJ.

O‘tgan yil davomida Olmaota-Toshkent poyezdida 72 mingdan ortiq yo‘lovchi tashilgan, bu esa “yo‘nalishga bo‘lgan qiziqishning yuqoriligini ko‘rsatadi”. Mamlakatlar o‘rtasidagi yo‘nalish uzunligi 988 kilometrni tashkil etadi.

“Jibek joli” temiryo‘l safari “Kazakstan temir joli” tarkibiga kiruvchi “Yo‘lovchilar tashish” kompaniyasi tomonidan “Kazakh Tourism” bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Birinchi tarkib noyabr oyida Olmaotadan Toshkentga 4 kunlik gastrol safarini amalga oshirgan, deb yozadi Spot.

Qozog‘iston va O‘zbekiston “Jibek joli” sayyohlik poyezdi yo‘nalishini Samarqandgacha uzaytirishga kelishib olgan. Poyezd 3-yanvar kuni Olmaotadan yo‘lga chiqqan. 100 dan ortiq sayyoh Turkiston, Toshkent, Samarqandga, ortga qaytishda esa Chimkentga tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan.

Avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida 2027-yilda ishga tushirilishi kutilayotgan yangi temiryo‘l qurilishi haqida yozgandik. Liniyaning qurilishi mavjud Sariag‘ash-Toshkent uchastkasidan yuklarni yangi tarmoqqa yo‘naltirish va O‘zbekistonga eksport tashish hajmini oshirish imkonini beradi.