Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif fevral oyining uchinchi haftasida Ozarbayjon va O‘zbekistonga tashrif buyuradi, deb xabar bermoqda mahalliy The News International nashri.

Ta’kidlanishicha, Pokiston o‘zining “Vision Central Asia” siyosatiga muvofiq Markaziy Osiyo va Kavkazning muhim davlatlari bilan aloqalarni kengaytirish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.

Bosh vazirning tashrifiga uning o‘rinbosari/tashqi ishlar vaziri Muhammad Is’hoq Dar va ba’zi muhim federal vazirlar, shuningdek, ishbilarmon doiralar delegatsiyasi hamrohlik qiladi.

O‘z navbatida, bosh vazirning O‘zbekistonga tashrifi ikki kun davom etadi. U O‘zbekistonga tranzit savdosi uchun Karachi portidan foydalanishni taklif qiladi, shuningdek, muhim savdo kelishuvlariga imzo chekadi, deyiladi xabarda.

Shahboz Sharif bundan avval 2022-yil sentabrda SHHT sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgandi.