Ushbu sharh asosan “O‘zgidromet"ning, shuningdek, qo‘shni mamlakatlar va xalqaro iqlim byurolarining qisqa va o‘rta muddatli ob-havo prognozlari asosida tuzilgan bo‘lib, u bevosita ob-havo prognozi emas.

Bu kabi sharhlar ob-havo byurolarining prognozlaridagi raqamlar, hodisalarni oddiy tilda tushuntirish imkonini beradi. Ayrim nuqtalarda “O‘zgidromet” hali taqdim etishga ulgurmagan axborotlar xalqaro ob-havo prognozi markazlarining ma’lumotlari bilan to‘ldirilgan — bu ham prognozlarni sharhlash amaliyotida tasdiqlangan samarali usuldir.

“O‘zgidromet"ning yanvar oyi uchun taqdim etgan ob-havo prognoziga ko‘ra, oyning birinchi 15 kunligida mintaqaga mavsum uchun anomal sovuq va anomal issiqlikni taqdim etuvchi havo to‘lqinlari kirib kelishi ehtimoli yo‘q.

Yanvar boshida kuchli sovuqlar kuzatilmaydi. Oyning boshqa kunlari esa sovuq to‘lqinlarning mintaqaga ta’siri natijasida havo harorati tunda shimoliy hududlarda -15 darajagacha, boshqa hududlarda esa -8 darajagacha sovuq bo‘lishi, ana o‘shanday sovuqliklarning faol ta’sir etish paytlarida O‘zbekistonning katta qismida tungi minimumlar −10…−12 daraja, shimolda -20 darajagacha pasayishi kutilmoqda.

Prognozlarga ko‘ra, ayrim kunlarda kunduzi havo harorati +10…+15 darajagacha iliq bo‘lishi ham mumkin. Ob-havo byurosining xabarida oy davomida umumiy harorat foni iliq, me’yor darajasida yoki sovuq bo‘lishi haqidagi qaydlar yo‘q bo‘lsa-da, yuqorida ta’kidlangan prognoz raqamlaridan kelib chiqib, 2025-yilning yanvarida havo harorati me’yor atrofida bo‘lishini taxmin qilish mumkin.

“O‘zgidromet” yog‘ingarchilik masalasida yanvar oyi quruq, me’yor darajasida yoki sernam bo‘lishiga doir kutilmalarni ham ochiqlamagan.

Yanvar — yilning eng sovuq oyi

Umuman olganda, yanvar O‘zbekistondagi eng sovuq oy hisoblanadi. Yanvarda o‘rtacha oylik havo harorati janubiy viloyatlarda (xususan, Sherobod meteostansiyasi ma’lumotlariga ko‘ra) +6 darajagacha iliqni, baland tog‘li hududlarda (xususan, Oygaing meteostansiyasida) esa -10 darajagacha sovuqni tashkil etadi.

Hozirgi O‘zbekiston hududida meteokuzatuvlar boshlanganidan keyingi davrdagi deyarli har bir hudud uchun mutlaq eng past harorat ham aynan yanvarda qayd etilgan. Masalan, Qoraqalpog‘istonning Qoraqalpoq posyolkasida 1972-yil yanvarda va Jasliq posyolkasida 1977-yil yanvarda bir xil — -38,6 daraja sovuq harorat ro‘yxatga olingan. Bu O‘zbekiston hududida hozirgacha kuzatilgan eng past haroratdir.

Havodagi namlikning yil davomidagi eng yuqori qiymati ham aynan yanvar oyida kuzatiladi. Ayni vaqtda, Toshkentda havo sifatining yomonlashuvi bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar ham aynan yanvarda eng yuqori darajaga chiqadi. Bundan tashqari, dekabrni hisobga olmasa, o‘rtacha oylik atmosfera bosimi ham boshqa oylarga nisbatan yuqori bo‘ladi — antitsiklonal jarayonlarning mintaqaga tez-tez kirib kelishi vaqtida qon bosimi bilan og‘rigan bemorlar salomatligiga xavf paydo bo‘ladi.

2025-yilning yanvar oyi uchun batafsil ob-havo sharhiga kirishishdan avval, 2024-yilning dekabr oyi bo‘yicha tayyorlagan sharhimiz o‘zini qanchalik oqlaganini ko‘rib chiqsak.

Dekabr oyida ob-havo qanday bo‘ldi?

Noyabr oxirida e’lon qilgan oylik ob-havo sharhimizda dekabrning birinchi o‘n kunligi sovuq, ikkinchi o‘n kunligi me’yor atrofida, uchinchi o‘n kunligi esa me’yordan asta-sekin ko‘tarilib borishi kutilayotganini ta’kidlab o‘tgandik.

Oyning birinchi va uchinchi o‘n kunligi uchun berilgan ma’lumotlar prognozlar o‘zini oqladi, ammo ikkinchi o‘n kunlik uchun bunday deb bo‘lmaydi. Dekabrda umumiy harorat foni oy davomida umuman mamlakat bo‘yicha me’yoriy, ayrim hududlarda hatto me’yordan biroz yuqori bo‘lishi taxmin qilingan edi. Ammo dekabrning ikkinchi o‘n kunligi uchun berilgan kutilmalar o‘zini u darajada oqlamadi va shu bois 2024-yil dekabr oyida havo harorati me’yor va me’yordan biroz past bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Bu esa energetika tarmoqlariga sezilarli yuklama keltirib chiqardi — aynan dekabrning ikkinchi o‘n kunligi boshlaridan hududlardagi metan gaz zapravkalari faoliyatiga cheklovlar kiritildi. Oyning uchinchi o‘n kunligida esa harorat ko‘tarilib bordi, Yangi yil bayrami arafasida iliq havo kuzatildi.

Xalqaro darajada katta obro‘-e'tiborga ega ob-havo markazlaridan biri — Yaponiya reanaliz markazi birlamchi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning so‘nggi oyi harorat rejimi bo‘yicha jahon tarixidagi eng issiq ikkinchi dekabr bo‘ldi. Hatto bizga yaqin va sovuqlar kirib keladigan shimoldagi asosiy mamlakatlar, xususan, Qozog‘iston va Rossiyada ham o‘tgan dekabr juda iliq keldi. Boshqacha aytganda, O‘zbekistonda dekabrda kuzatilgan sovuqlik to‘lqinlarning uzoqroq davom etishi faqat biz kabi quruqlikning markaziy qismida joylashgan mintaqalar uchungina xos bo‘ldi. Dunyoning ko‘plab mintaqalarida esa 2024-yil dekabri yo issiq, yo me’yorida keldi.

Manba: JRAManba: JRA

Sopernicus” iqlim modeli ham shu kabi ma’lumotni taqdim etgan.

Oqibatda O‘zbekistonning katta qismida dekabr sovuqroq kechdi. Biroq, respublikaning asosiy qismini tashkil etuvchi cho‘llar va shimoliy hududlar borasida bunday xulosa qilib bo‘lmaydi. Bu hududlarning ayrim qismlarida joriy qishning birinchi oyi hatto iliqroq ham bo‘ldi. Ammo aholi ko‘p istiqomat qiladigan hududlarda, ayniqsa, Farg‘ona vodiysi tarafda dekabrning sovuq bo‘lishi ko‘plab tarmoqlar, xususan, energetika tarmoqlari uchun juda katta yuklama keltirib chiqardi.

O‘zbekistonga qo‘shni mamlakatlarda yanvarda kutilayotgan ob-havo prognozi

O‘zbekistonda ob-havo qanday bo‘lishi yaqin xorij mamlakatlari iqlimiga bevosita bog‘liq. Ayniqsa, yilning sovuq davrida shimoliy mamlakatlar ob-havosi biz uchun ham qiziq, ham muhim. O‘zbekistonga sovuq havo oqimlari asosan Rossiya va Qozog‘istondan kirib kelishi inobatga olinsa, ushbu ikki mamlakatdagi vaziyat chuqur tahlil qilinishi kerak. Ammo dekabr oyidagi sovuqliklar aynan Rossiyadan emas, balki boshqa hududdagi atmosfera jarayonlarining mintaqamizda sovuq jarayonga aylangani sabab dekabr uchun tayyorlangan sharhning oqlanish darajasi kamaydi.

Shunga qaramay, qishning ikkinchi oyidagi anomal sovuqliklar asosan Rossiyadan kirib kelishini hisobga olsak, “Rosgidromet"ning yanvar oyi uchun kutilmasiga nazar solish qiziq bo‘ladi. “Rosgidromet” yanvar oyida Rossiyaning markaziy tekislik hududlarida oy davomida harorat sezilarli darajada yuqori iliq, faqat Rossiyaning sharqiy — Sibir hududlarining katta qismida sovuq bo‘lishini prognoz qilgan.

Rossiyalik sinoptiklar O‘zbekiston uchun ham oylik haroratning oylik normaga nisbatan chetlanishlarini hisoblab chiqqan bo‘lib, O‘zbekistonda yanvarda o‘rtacha oylik havo harorati Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati hamda Navoiy viloyati cho‘llarida iqlimiy me’yor darajasida, boshqa hududlarda esa me’yordan biroz past “sovuq” bo‘lishi prognoz qilingan. Yog‘ingarchilik bo‘yicha esa shimolda quruq, respublikaning boshqa hududlarida me’yoriy muhit bo‘lishi taxmin qilingan.

Shuni ta’kidlash kerakki, “Rosgidromet” tomonidan analog usuli asosida hisoblangan yilning sovuq davri uchun harorat rejimi prognozlarining ro‘yobga chiqishi darajasi so‘nggi 15 yilda 63 foizdan 81 foizgacha o‘zgarib turgan.

“Qazgidromet” ilmiy tadqiqot instituti xodimlarining 2024−2025-yil qish mavsumi uchun ishlab chiqqan maslahatomuz prognoziga ko‘ra, yanvarda Qozog‘istonning g‘arbiy qismida oylik harorat me’yordan 1 darajadan yuqori, ya’ni “iliq”, boshqa qismlarida me’yor atrofida bo‘lishi keltirilgan. Yog‘ingarchilik rejimi bo‘yicha esa mamlakatning g‘arbiy hamda Kaspiy dengizi atrofidagi viloyatlarda kam yog‘ingarchilik, Orol dengizi atrofidagi hamda shimoliy viloyatlarida me’yordan ko‘p yog‘ingarchilik bo‘lishi prognoz qilingan.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, qozoq iqlimshunoslari mazkur uzoq muddatli mavsumiy prognozni 2024-yil noyabri oxirida ishlab chiqqan bo‘lib, yangi yil boshida yanvar oyi uchun havo haroratining har o‘n kunlik davrda turli diapazonlarda o‘zgarishi bilan bog‘liq yanada aniqroq prognoz ishlab chiqadi.

Manba: “Qazgidromet”Manba: “Qazgidromet”

“Qirg‘izgidromet” xizmati tomonidan Qirg‘izistonda yanvarda oylik harorat iqlimiy me’yordan 1 daraja yuqori, ya’ni “iliq” bo‘lishi taxmin qilingan. Qirg‘izistonning Farg‘ona vodiysidagi O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlarida esa o‘rtacha harorat oy davomida −1…−3 daraja iliq bo‘lishi ma’lum qilingan.

Manba: Meteo.kgManba: Meteo.kg

Qirg‘izistonda dekabrda yog‘ingarchilik rejimi iqlimiy me’yor atrofida bo‘lishi, O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlarda oy davomida umumiy 3 millimetrdan 50 millimetrgacha yog‘ingarchilik kuzatilishi prognoz qilingan.

Manba: Meteo.kgManba: Meteo.kg

O‘zbekistonda yanvar oyida ob-havo qanday bo‘ladi?

“O‘zgidromet”, xalqaro ob-havo markazlari, qo‘shni Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiya ob-havo byuro prognozlari asosida O‘zbekistonda yanvar oyida havo harorati rejimi ko‘plab hududlarda iqlimiy me’yor va ayrim hududlardagina iqlimiy me’yordan yuqori bo‘lishi kutilayotganini ta’kidlash mumkin.

“O‘zgidromet"ning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga tayanib, yanvar oyining birinchi o‘n kunligida respublikada havo harorati me’yor atrofida va ba’zi hududlarda me’yordan past, ikkinchi o‘n kunligida me’yor atrofida va ayrim hududlarda me’yordan yuqori, uchinchi o‘n kunlikda esa me’yor atrofida bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Oddiy qilib aytganda, yanvar oyi O‘zbekistonning katta qismida ko‘p yillik iqlimiy me’yor atrofidagi harorat fonini beradi. Ko‘p yillik iqlimiy me’yor qiymati esa so‘nggi 30 yillikdagi yanvar oylarida kuzatilgan o‘rtacha harorat qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi.

Taqsimot kartasi Geoinfo jamoasi bilan birgalikda tayyorlanganTaqsimot kartasi Geoinfo jamoasi bilan birgalikda tayyorlangan

Shunday qilib, oyning birinchi o‘n kunligi sovuqroq, ikkinchi o‘n kunligi iliqroq va uchinchi o‘n kunlik me’yor atrofidagi haroratlarni taqdim etadi.

Yana bir bor takrorlash lozimki, yanvarning ikkinchi dekadasida kutilayotgan iliqroq harorat — bu, bahoriy yoki kuz boshidagi iliqlik emas. Ko‘pchilikda shunday yanglish fikr shakllangan. Aslida yanvar — nafaqat qishning, balki butun yilning eng sovuq oyi va havo harorati azaldan shu oyda boshqa oylarga nisbatan ancha past bo‘lgan.

Yog‘ingarchilik bo‘yicha kutilmalarda ham respublika bo‘ylab yanvar davomida hududlarga shu oy uchun xos me’yoriy qiymatga yaqin yog‘in tushishi taxmin qilinyapti. Birinchi o‘n kunlikda shimolda ko‘proq, tog‘larda esa kamroq yog‘in bo‘lishi, ikkinchi o‘n kunlikda vodiy, Toshkent, Sirdaryo viloyatlari va Orol dengizi atrofida me’yordan kamroq yog‘in tushishi, uchinchi o‘n kunlikda esa shimol, vodiy, tog‘lar, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlarida ko‘proq yog‘ingarchilik bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Yuqorida nomlari keltirilgan hududlardan tashqari boshqa joylarda har bir o‘n kunlikda me’yoriy yog‘in tushishi kutilyapti.

Shunday qilib, yanvar oyida O‘zbekistoda oyning birinchi o‘n kuligida yog‘inlar me’yoriy, ikkinchi o‘n kunligi quruqroq va uchinchi o‘n kunlikda ko‘proq yog‘ingarchilik kuzatilishi oydinlashgan.

Tog‘larda qor qanday?

Yanvarda tog‘larimizga biroz kamroq yog‘in tushishi kutilayotganidan kelib chiqib, tog‘lardagi qor zaxirasi bilan bog‘liq vaziyat qanday ekanini qisqacha ko‘rib chiqsak. Chunki aynan yanvarda tog‘larga yoqqan qor 2025-yilning sug‘orish davri uchun yuqori ahamiyatga molikdir.

Buning uchun Markaziy Osiyo ob-havo byurolarining tog‘larda qor qoplami holatidan kelib chiqib, daryo va soylarda mavsumiy suv oqimini prognoz qilishdagi eng ishonchli usullaridan biri — masofadan qor qoplamini monitoring qilish bo‘yicha “Modsnow” dastur imkoniyatlarini ko‘rib chiqamiz.

Bu dasturni Markaziy Osiyo ob-havo byurolari sohada gidrologik prognozlarni tuzishda qo‘llaydi. Dasturdagi kuzatuv ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvar holatiga Amudaryo, Qoradaryo, Norin va Zarafshon kabi daryolarimiz yuqori tog‘ havzalarida qor zaxirasi ko‘p yillik me’yordan kam, ammo o‘tgan yildagi mos davrga nisbatan ko‘proq.

Ko‘pchilikda 2025-yilda suv bilan bog‘liq vaziyat qanday bo‘ladi, degan savollar tug‘ilishi tabiiy. Buning uchun Tinch okeani markazidagi El-Nino va La-Ninya hodisalarining shakllanish “tabiati"ga qarash kerak bo‘ladi. Jahon meteorologik tashkiloti yanvar-fevral oylarida Tinch okeanida suv haroratining sovishi, ya’ni La-Ninya jarayoni shakllanishini 55 foiz aniqliklik bilan ro‘y berishini taxmin qilgan. Tinch okeani markazida suv haroratining pasayishi bilan bog‘liq La-Ninya jarayoni shakllanishiga doir xaritalar allaqachondan beri e’lon qilinyapti.

Afsuski, 2024-yilda kuzatilgani kabi El-Nino yozlaridan so‘ng kuchga to‘ladigan La-Ninya fonida qish va bahor boshida tog‘larimizga kam qor yog‘adi, oqibatda sug‘orish davri uchun suv kam to‘planadi.