AQShning Kaliforniya shtatida o‘rmon yong‘inlari oqibatida kamida 16 kishi halok bo‘ldi, qurbonlar soni yanada oshishi mumkin, chunki yong‘in tarqalishda davom etmoqda, deb xabar berdi NBC News rasmiylarga tayanib. Paliseydsdagi yong‘in sharqqa tomon — Brentvudga tarqalmoqda.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning ikki nafari, yaqinlari ularni ketishga uringan bo‘lsa-da, o‘z uylarini qutqarishga harakat qilgan. Janubiy Kaliforniyada 180 mingga yaqin odam o‘z uylarini tark etdi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, qurbonlar soni noma’lum, chunki yong‘inlar kvartallarni vayron qilishda davom etmoqda, deb yozadi NBC News.
Yong‘in Katta Los-Anjelesdagi 39 ming akr (15 783 gektar) maydonni qamrab olib, butun boshli aholi punktlari va 12 mingdan ortiq binolarni vayron qildi.
Kamida 13 kishi bedarak yo‘qolgan, dedi Los-Anjeles okrugi sherifi Robert Luna. Uning so‘zlariga ko‘ra, bedarak yo‘qolganlar yong‘inlar bilan bog‘liqmi yoki yo‘q, aniq emas.
Los-Anjeles okrugi jamoat salomatligi bo‘yicha favqulodda holat e’lon qilib, tutun va qattiq zarrachalar bevosita va uzoq muddatli tahdidlarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom mahalliy o‘t o‘chirish gidrantlarida suv bosimining pasayishi va Santa-Ines vodiysidagi suv omboridan yetkazib berish imkoniyati yo‘qligi haqidagi xabarlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi.
Avvalroq o‘t o‘chirish xizmatlari o‘rmon yong‘inlari paydo bo‘lishining yangi versiyasini e’lon qilgandi: Janubiy Kaliforniyada San-Fernando vodiysi yaqinidagi yong‘in Edison International kommunal kompaniyasining uzilgan simlari tufayli sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Kaliforniyada o‘rmon yong‘inlari 7-yanvardan buyon davom etmoqda. Falokat Los-Anjeles hududlarini, xususan, Pasifik-Paliseyds, Altadena, Malibuni qamrab oldi. Keyinroq yong‘in Iton, Herst va boshqa joylarga ham tarqaldi. Yong‘inlardan ko‘rilgan zararning bahosi 135−150 milliard dollarga yetdi.
AQSh prezidenti Jo Bayden 8-yanvar kuni Kaliforniya shtatida yirik tabiiy ofat sodir bo‘lganini e’lon qildi hamda shtat va mahalliy hokimiyat organlarining o‘rmon yong‘inlaridan zarar ko‘rgan hududlarni tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlariga qo‘shimcha ravishda federal yordam ko‘rsatishni buyurdi. O‘sha kuni Bayden Janubiy Kaliforniyaga 400 dan ortiq federal o‘t o‘chiruvchilar, 30 dan ortiq o‘t o‘chirish vertolyoti va samolyotlari, shuningdek, Mudofaa vazirligining sakkizta C-130 samolyoti yuborilishini ma’lum qildi.