11-yanvar kuni mashhur futbol jurnalisti Fabritsio Romano Fransiyaning “Lans” klubida to‘p suruvchi o‘zbekistonlik markaziy himoyachi Abduqodir Husanov Angliyaning “Manchester Siti” jamoasiga transfer qilinganini e’lon qildi. Romano bergan ma’lumotga ko‘ra, Angliya Premer-ligasi klubi Husanov uchun 40 mln yevro to‘lashga rozi bo‘lgan.

So‘nggi bir hafta davomida Abduqodir Husanovning transferi o‘zbekistonliklar diqqat markazidagi masalalardan biri bo‘lib turdi. O‘zbek futboliga befarq bo‘lmagan kishilar bu yosh futbolchi haqida uncha-muncha ma’lumotga ega, ammo aksariyat ko‘pchilik uchun shunday yosh o‘zbek futbolchisi Yevropaning grand klublari e’tiboriga tushib qolgani kutilmagan yangilik bo‘ldi.

Internetda Abduqodir Husanovga oid ma’lumotlar unchalik ham ko‘p emas. U intervyu berishni ham unchalik xushlamaydi — o‘z ta’biri bilan aytganda, unga “bitta intervyu berishdan ko‘ra bitta o‘yinni o‘tkazish osonroq”. Shuning uchun ham tarmoqda hozircha Abduqodir Husanovning faqat bitta videointervyusi bor. U 2024-yil yozida, Parij Olimpiadasi arafasida “Championat.asia” nashri jurnalisti bilan suhbatlashgan.

Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga o‘tishi fonida uning shaxsiga qiziqish favqulodda kuchayganini inobatga olib, “Gazeta.uz” o‘sha intervyuni eslatadi. Quyida intervyuda aytilgan fikrlar matn shaklida, biroz qisqartirilgan holda keltiriladi.

Professional futbolga yo‘l

“Boshida “Bunyodkor”da boshlaganman. 7 yoshimda “Bunyodkor” akademiyasiga kelganman. Sergey Chegodayev qo‘l ostida shug‘ullanishni boshlaganman. 16 yoshgacha shu akademiyada shug‘ullandim. 16 yoshimda [akademiyani bitirib], “Bunyodkor”ning o‘rinbosarlar jamoasiga qabul qilinmaganimdan keyin Belarusga ["Energetik-BGU” klubiga] ketganman” — deya eslagan futbolchi.

Foto: “Bunyodkor” FKFoto: “Bunyodkor” FK

Husanov intervyuda “Bunyodkor”ning o‘rinbosarlar tarkibiga qabul qilinmaganining aniq sabablarini keltirmagan. Umuman olganda, u bolalar va o‘smirlar darajasida dastlab hujum chizig‘ida o‘ynagan, keyinroq tayanch yarim himoyachisi bo‘lgan. Akademiyani bitirgan vaqti esa, ta’kidlashicha, u allaqachon markaziy himoyachi sifatida shakllanib bo‘lgandi, o‘sha vaqtda ham markaziy himoyachi bo‘lgan, bo‘yi ham past bo‘lmagan. “Bilmadim, balki kichkina deb [o‘rinbosarlar jamoasiga] olishmagandir”, — degan suhbat davomida futbolchi.

“Energetik-BGU” jamoasiga o‘tish g‘oyasi agentlardan chiqqan. Ular futbolchining otasi — sobiq futbolchi Hikmat Hoshimov bilan bog‘lanib, Abduqodirni katta futbolga Belarusda tayyorlash variantini taklif qilgan.

“Amirbek Bakayev [Husanovning “Energetik-BGU”dagi sobiq jamoadoshi] bilan o‘sha yerda yurganmiz. 16 yoshda u yerga bordik, ikkalamizni jamoaga olishdi. Lekin 18 ga to‘lmaganim uchun meni ro‘yxatdan o‘tkaza olishmadi. U yerda 1 yil shunchaki mashg‘ulot o‘tkazib yurdim. Birorta o‘yinda, hatto o‘rtoqlik o‘yinlarida ham maydonga tushmadim. Orada bir jarohat ham oldim — oyog‘im sinib qoldi, gipsda yurdim. Unda ham ikki oycha o‘ynamaganman. 18 ga to‘lishim bilan qaydnomaga kiritib, maydonga tushirishgan. Meni qo‘yib yuborish varianti ham bo‘lgan, keyin, “yo‘q, o‘zimiz tayyorlaymiz”, deb olib qolishgan”, — deydi himoyachi.

Foto: Bel.footballFoto: Bel.football

Aynan shu davr — “o‘yinlarsiz o‘tgan bir yil” Abduqodirning hayotida eng katta burilish nuqtasi bo‘lganini futbolchining o‘zi ham tan oladi. “Energetik-BGU” uning professional futbolchi sifatida shakllanishiga kata yordam ko‘rsatgan. “Anatoliy Ivanovich Yurevich degan murabbiyim juda katta yordam bergan. Deyarli barchasini shu odam qilgan”, — deya ta’kidlaydi Abduqodir Husanov.

Abduqodir Belarus chempionatidagi birinchi mavsumidayoq, 18 yosh bo‘lishiga qaramay, “Energetik-BGU”ning asosiy tarkib futbolchisiga aylanadi, jamoaning Belarus vitse-chempioni bo‘lishiga katta hissa qo‘shadi, 2022-yil yakunlariga Belarus chempionatining ramziy terma jamoasidan o‘rin oladi. Shundan so‘ng unga asta-sekin kuchliroq chempionatlarning jamoalaridan qiziqish bo‘la boshlaydi.

“Boshida Rossiyadan kelishda, Turkiyadan kelishdi. Ammo Kuchli beshlik (Angliya, Ispaniya, Italiya, Germaniya, Fratsniya)dan taklif kelishini oxirigacha kutdik. Oxirida, kutganimdek bo‘ldi — Fransiyaning „Lans“ klubi taklif bilan chiqdi”, — deya eslaydi Abduqodir Husanov. U futbolchilik yo‘lining boshidayoq “Rossiya, Turkiya, O‘zbekiston chempionatlarida o‘ynamay turib, birdan Kuchli beshlik ligalarida o‘ynashni maqsad qilgani”ni ta’kidlaydi.

Foto: Championat.AsiaFoto: Championat.Asia

Abduqodir o‘zining futbolchilik faoliyatini otasi — Hikmat Hoshimovsiz tasavvur qila olmasligini ta’kidlaydi. Hikmat Hoshimov 1990-yillar oxiri — 2000-yillar boshida O‘zbekistonning MHSK, “Do‘stlik”, “So‘g‘diyona”, “Andijon”, “Nasaf”, “Metallurg”, “Bunyodkor” kabi jamoalarida to‘p surgan, shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida ham 10 dan ortiq uchrashuvda maydonga tushgan. Husanovning so‘zlariga ko‘ra, otasi unga futbolchilik faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, xatolar ustida ishlash masalasida barcha narsani o‘rgatib turadi.

Hikmat Hoshimovning o‘zi ham markaziy himoyachi bo‘lgan. Ammo, Abduqodir Husanovning ta’kidlashicha, “dadam bizdan hujumchi chiqishini istaganlar”. “Ukam Abdurahimni hujumchi qilmoqchimiz”, — deydi Abduqodir. Uning ukasi Abdurahim Husanov hozirda “Bunyodkor” akademiyasida tahsil olmoqda. Abdurahimning orzularidan biri — to‘pni akasi Abduqodir Husanovning oyoqlari orasidan o‘tkazib, gol urish.

“Lans”dagi faoliyat haqida

Abduqodir Husanov Belarusda uzoq qolmadi — 2023-yilning ikkinchi yarmidan u faoliyatini Fransiyaning “Lans” klubida davom ettiradigan bo‘ldi (ma’lumotlarga ko‘ra, fransuzlar futbolchi uchun atigi 100 ming yevro to‘lagan). Abduqodirning ta’kidlashicha, u “Lans”ga tezda kirishib ketgan. Bunda asli polshalik, rus tilini tushunadigan yarim himoyachisi Pshemislav Frankovski, shuningdek, “Lans”ning o‘sha vaqtdagi — futbolchilarni o‘z farzandidek ko‘radigan murabbiyi katta yordam bergan.

“Lans” futbolchisi Abduqodir Husanov PSJ vakili Ashraf Hakimiyga qarshi. Foto: AFP“Lans” futbolchisi Abduqodir Husanov PSJ vakili Ashraf Hakimiyga qarshi. Foto: AFP

“Boshida kirib, hamma bilan ko‘rishdim. Qaysi tilda gaplashasan, deyishdi. O‘zbekcha, ruscha, dedim. Telefondan tarjimonni yoqib, men bilan rus tilida gaplashishdi. Tushlik vaqti birga olib ketib, qaysi ovqatni yeyish kerak, qaysi biri halol ekanini ko‘rsatishdi. Mashg‘ulotlarda ham nimadir xato qilsam yoki tushunarsiz bo‘lsa, kelib inglizcha va boshqa tilda tushuntirishdi… Ikkinchi kuni borib, o‘zimni 1−2 yildan buyon shu yerda yurgandek his qildim. Juda zo‘r kirishib ketdim”, — deya Fransiyadagi faoliyati boshini eslaydi futbolchi.

“Lans”ning o‘sha vaqtdagi bosh murabbiyi Frank Ez haqida gapirarkan, Abduqodir Husanov uni “jahlini ko‘rsatmaydigan, og‘ir-bosiq, juda yaxshi inson” deya ta’riflagandi. “Jamoaga endi qo‘shilgan vaqtim u o‘yin vaqti boshqa futbolchilarga ma’lumot berib turishim uchun kerak bo‘lgan kalit so‘zlar ro‘yxatini yozib berib, barchasini yodlab, menga imtihon topshirasan, degandi. Bir haftada imtihondan o‘tganman”, — degandi Husanov.

Abduqodir Husanovning 2024-yil dekabrida “Oser”ga qarshi o‘yindagi harakatlari. 2:20 dagi vaziyat qiziq

Yevropaning grand klublaridan biri sanalmasa-da, “Lans”da ham barcha jarayonlar professional tarzda yo‘lga qo‘yilgan, ayniqsa, kelajakda katta summaga sotish mumkin bo‘lgan yosh futbolchilarga qo‘yiladigan talablar qat’iy. Masalan, Abduqodir Husanovning shartnomasiga uning skuter, chang‘i, muzda uchishi, umuman, oyog‘iga shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishi mumkin emasligi haqidagi bandlar kiritilgan. “Bu talablarga qat’iy amal qilaman, amal qilmaganlarga jarima bor”, — deydi u.

Futbolchi “Lans”dagi boshqa qoidalar haqida ham gapirarkan, tartibni buzgan futbolchiga jarimaga tortilishini alohida ta’kidlagan. O‘zi ham bir marta o‘yin oldidan aeroportga ketayotgan klub avtobusiga kech qolgani uchun jarima to‘laganini tan olgan.

Yuqorida ta’kidlanganidek, 2023-yil Abduqodir uchun juda muvaffaqiyatli keldi. Klub futbolida u Belarusda eng yaxshi futbolchilardan biri bo‘lish qatorida, Fransiyaning amaldagi chempioni safiga qo‘shildi. O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi safida esa Osiyo chempioni bo‘lib, jahon chempionatida qatnashdi. Yil yakunida esa O‘zbekistonning 2023-yildagi eng yaxshi yosh futbolchisi, deya tan olindi. 2024-yil boshida u taqdirlash marosimida qatnashish uchun O‘zbekistonga kelganida, chap qo‘lining bosh barmog‘ida uzukka o‘xshash moslama bor edi.

Foto: Championat.asiaFoto: Championat.asia

“U — datchik. Necha soat uxlashim, uyqum qanday bo‘lgani, qancha yurganim kabi ma’lumotlarning barchasini hisoblab, Fransiyaga uzatib turadi, u yerda bularning hammasini tekshirishadi. Undagi ma’lumotlarni o‘zim ham ko‘rib turaman. Masalan 7 soat uxlagan bo‘lsam, peshinda yana 1 soat uxlab, limitni to‘ldirib qo‘yishim mumkin. Agar ko‘rsatkichlarda qandaydir muammo bo‘lsa, uni kuzatadigan mutaxassislar haftada bir marta [futbolchini] chaqirib, tushuntiradi va nima muammo borligini so‘raydi”, — deya tushuntirgandi Abduqodir.

Abduqodir Husanov o‘sha intervyu davomida yaqinda haydovchilik guvohnomasi olgani, endi mashina olmoqchi ekanini ma’lum qilgan edi. “Hozir [jamoadagi] bolalar olib borib, olib kelib qo‘yyapti. Frankovski olib boradi, qaytayotganda ishi chiqib qolsa, boshqalar tashlab qo‘yadi”, — degandi futbolchi.

Terma jamoalar haqida

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan 2024-yilgi Osiyo kubogidagi ishtirokiga to‘xtalar ekan, Abduqodir Husanov o‘shanda bu musobaqada ishtirok etish uchun “Lans”dan ruxsat olish qiyin bo‘lganini, klub oxir-oqibatda faqat uchta uchrashuvda maydonga tushishga ruxsat berganini aytgan. Shu sababli ham futbolchi musobaqa finalida qatnasha olmagan.

Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”

“Jamoada muhit juda zo‘r — hamma bir-birini biladi, hamma bir-birini taniydi, oldindan ahil, bir oiladekmiz. O‘zbekiston nimaga qodirligini ko‘rsatish kerak”, — degandi Abduqodir Husanov o‘sha vaqtda Parijda o‘tadigan 2024-yilgi Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rayotgan Temur Kapadze qo‘l ostidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi haqida (afsuski, O‘zbekiston olimpiyachilari musobaqadagi ishtirokini guruh bosqichidayoq yakunladi).

Abduqodir Husanov mamlakat tarixida ilk bor jahon chempionatiga chiqish ostonasida turgan O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi muhit haqida ham iliq fikrlar bildirgan edi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”

“Katta [futbolchi]lar chaqirib, maslahatlar berishdi. „Qo‘rqmay o‘ynayver, o‘yin vaqti kerakli ma’lumotlarni ber, bizga ham baqiraver, o‘yin vaqti, xohlasang, sensirab gapir, faqat kerakli ma’lumotni aytib tursang bo‘ldi“ deb, hatto sensirashimga ham ruxsat berishgan”, — degandi Abduqodir Husanov. Hozirda O‘zbekiston milliy terma jamoasining himoya chizig‘ini Abduqodir Husanovsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Abduqodir Husanovning 2024-yil yozida “Championat.asia” saytiga bergan videointervyusini to‘liq quyida ham tomosha qilishingiz mumkin: